Sport | 12:30 / 28.07.2018
7259
2 daqiqa o‘qiladi

Jasur Matchanov: «Osiyo o‘yinlarida davlatlarni ajratish yo‘q, sharoit hammaga bir xil»

Foto: MOQ axborot xizmati

18 avgust kuni Indoneziyada boshlanadigan Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston terma jamoasi uchun munosib mashg‘ulot zallari oldindan taxt qilib qo‘yilgan, sportchilarimiz boshqa davlatlar vakillaridan qolishmagan sharoitlarda yashashadi va o‘yinlarga tayyorgarlik ko‘rishadi. Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Jasur Matchanov shunday bayonot berdi.

Kun.uz muxbirining xabariga ko‘ra, Osiyo o‘yinlari oldidan tashkil etilgan matbuot anjumanida Matchanovdan Rio Olimpiadasida kuzatilgan ba'zi noxush holatlar Jakartada takrorlanmasligi yuzasidan savol berilgan. Ma'lum qilinishicha, 2016 yilgi Olimpiadada eng yaxshi sharoitlarga ega mashg‘ulot maydonlari oldinroq ulgurib qolgan boshqa terma jamoalar vakillari tomonidan band qilib qo‘yilgani bois, o‘zbekistonlik sportchilarning ayrimlari o‘rtamiyona sharoitlardan foydalanishga majbur bo‘lishgan.

«Xalqaro doirada shunday talab borki, unga ko‘ra terma jamoalar oldindan o‘z mashg‘ulot zali va vaqtini kelishib qo‘yishlari kerak. Tayyorgarlik o‘tkaziladigan maydonlar ertalabdan kechgacha faqat bir terma jamoa tomonidan band qilinishi mumkin emas. Binoda faqat muayyan belgilangan soatlardagina mashg‘ulot olib boriladi. Aytaylik, boks zali soat uchdan beshgacha o‘zbek bokschilari uchun band qilingan bo‘lsa, shu vaqtda zalga o‘zbekistonliklardan boshqa hech kim kiritilmaydi. Xuddi shunday tartib boshqa sport turlaridagi mashg‘ulot jarayonlari uchun ham joriy qilingan.

Bu jarayonlar uchun oldindan zayavka beriladi. Shunday qilingan ham. Olimpiya shaharchasi jadvalida barchasi belgilab qo‘yilgan. O‘zbekistondan borgan ishchi guruh alohida federatsiyalarning talablariga asosan joy band qilgan.

Barchasi tashkiliy qo‘mita bilan kelishilgan. Davlatlarni ajratish degan narsa yo‘q. Hammaga bir xil yondashiladi», - dedi Matchanov.

Mavzuga oid