Kreml Rossiya prezidenti Vladimir Putinning AQSH prezidenti maxsus vakillari Stiv Uitkoff va Jared Kushner bilan oʻtkazgan muzokaralarini ijobiy baholadi.

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov 7-sentabr kuni uchrashuvni «tinchlik sari kichik qadam» deb atadi. Uning taʼkidlashicha, Moskva Ukrainadagi urushni tugatishga qaratilgan amerikalik muzokarachilarning saʼy-harakatlarini yuqori baholaydi.

Peskov, shuningdek, Kiyevda Jared Kushner tilga olgan uch tomonlama muzokaralar formati qayta tiklanishi mumkinligini istisno qilmadi. Biroq uning soʻzlariga koʻra, AQSH vositachiligidagi ehtimoliy muzokaralarning joyi va muddatlari haqida hozircha gapirishga erta.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy esa Uitkoff va Kushner bilan uchrashuv natijalarini oʻz muzokara guruhi, shuningdek, Fransiya, Buyuk Britaniya va Germaniya vakillari bilan muhokama qilganini maʼlum qildi.

Zelenskiyning aytishicha, tomonlar Ukraina uchun havo hujumidan mudofaa vositalariga boʻlgan ehtiyoj, texnologik hamkorlik va qish mavsumi uchun zarur yordam paketini muhokama qilgan. Shuningdek, keyingi uchrashuvlar va muloqotlar boʻyicha qadamlar muvofiqlashtirilmoqda.

FT: uchrashuvlarda kelishuvga erishilmagan

Financial Times esa manbalariga tayanib, Uitkoff va Kushnerning Moskva hamda Kiyevdagi koʻp soatlik muzokaralari hozircha biror aniq natija bermaganini yozdi.

Nashr maʼlumotiga koʻra, Tramp vakillari uchrashuvlarda avval ishlab chiqilgan tinchlikni tartibga solishga doir hujjatlarning soʻnggi oylardagi oʻzgarishlar hisobga olingan yangilangan variantlarini taqdim etgan.

Financial Times manbalari amerikalik muzokarachilar koʻplab yangi takliflar bilan kelmaganini taʼkidlagan. Asosiy maqsad avvalgi takliflarni qayta jonlantirish va Moskva hamda Kiyev pozitsiyalarini bir-biriga yaqinlashtirish boʻlgan.

Moskvadan keyin Kiyevga borishdi

Uitkoff va Kushner 5-sentabr kuni Moskvada Vladimir Putin bilan uchrashgan. Oq uy ushbu muzokaralarni «mazmunli» deb baholagan, Kreml esa Ukrainadagi urushni tartibga solish bilan bogʻliq vaziyat murakkabligicha qolayotganini bildirgan.

6-sentabr kuni amerikalik muzokarachilar Polsha orqali poyezdda Kiyevga yetib bordi. Bu Uitkoff va Kushnerning Ukrainadagi urushni tinch yoʻl bilan hal etish masalalari bilan shugʻullana boshlaganidan buyon Kiyevga ilk tashrifi boʻldi.