Kun.Uz sayti muxbiri 10-14 iyul kunlari Navoiy va Buxoro viloyatida bo‘lib, bu yerda tahririyatga murojaat qilganlar bilan uchrashdi. Shunday murojaatlardan biri “Dovud Ota kelajagi” oilaviy korxonasi rahbari Gulhayo Ergashevadan bo‘lgandi. 

2018 yil 25 yanvardan tadbirkorlik faoliyatini boshlagan Gulhayo bizga bergan intervyusida o‘zi duch kelayotgan qiyinchiliklar haqida so‘z yuritdi. 

“2 mart kuni prezidentimiz Navoiy viloyatiga tashrif buyurganida Navbahor tumanidagi “Dovud Ota kelajagi” oilaviy korxonasi nomidan tadbirkorlik faoliyatimdagi muammolarni aytdim. Men davlat rahbaridan nol qiymatda bino, 400 mln so‘m kredit va yer maydoni ajratib berishni so‘ragandim. Prezidentimiz o‘sha vaqtning o‘zida nol qiymatda bino berish vazifasini topshirdilar. Tuman hokimi hozirgi binoga qaror chiqarib, kadastrdan ro‘yxatdan o‘tkazib berdi”, - deydi Gulhayo. 

Uning aytishicha, davlat rahbari kredit masalasini hal qilishni “Agrobank” boshqaruviga topshirgan. Ammo, 16 foizlik kredit taklifi ham o‘z vaqtida hal bo‘lmagan, faqat Bosh prokuratura tekshiruvga kelganidan so‘nggina bank xodimlari 400 mln so‘m kreditni chiqarib berishgan. 

“Ammo yer maydonini ijaraga berish masalasi 5 oy o‘tyaptiki, hal bo‘lgani yo‘q. Tuman hokimligi, Yoshlar ittifoqining tuman bo‘limi, viloyat hokimliklariga qayta-qayta murojaat qilmay, bu masala men uchun yechimi yo‘q bo‘lib qolmoqda”, - dedi yosh tadbirkor. 

Uning ta'kidlashicha, taklif qilingan yerlarga borib ko‘riladi, ammo turli to‘siqlar paydo bo‘lib, u yer ham berilmaydigan bo‘ladi. “Kredit olganimga 2 oy bo‘ldi, kredit foizini to‘lab yotibman, biroq uni yo‘naltirish uchun yer maydoni ajratilmagani sababli faqat foiz to‘lash bilan ovoraman. Aylantira olmayapman”, - deydi Gulhayo Ergasheva. 

Biz Gulhayo tashabbusi bilan tashkil etilgan parranda fermasini borib ko‘rdik. Unda 4 mingta broyler jo‘jalari har oyda go‘sht uchun yetishtirilib, mijozlarga yetkazib berilmoqda. Shu bilan O‘zbekistonda parranda go‘shti ta'minotini yaxshilashga ozmi-ko‘pmi hissa qo‘shilmoqda. 5 kishi doimiy ish bilan ta'minlangan.

“Ammo, qurilish materiallarim ham fermani hovlisida. Yer muammosini hal qilish bo‘yicha juda ko‘plab murojaat qilyapman. Biroq tuman hokimi (Baxtiyor Bobonazarov, endilikda sobiq – tahr.) mening muammom bilan umuman qiziqqani yo‘q. Ko‘pchilik tadbirkorlar bilan muloqotda bo‘laman, ular ham norozi, nol qiymatda bino ololmaydi”, - deydi yosh tadbirkor kuyunchaklik bilan.