Navbatdagi transfer bozori juda qizg‘in bo‘lishi kutilgandi. Birinchidan, futbol nahanglari «Real» va «Barselona»da navbatdagi avlodlar almashinuvi, Angliya grandlari doimiy poygani davom ettirmoqda, buning ustiga, jahon chempionatidan keyin bir qator yulduzlarning munozaralar markaziga chiqib olishlari taxmin qilingandi.
Antuan Grizmann, Eden Azar kabi futbolchilarning transferlari hal bo‘lgandek, Keyn, Saloh, Alli, Dibala, Mbappe kabi yangi davr yulduzlarining ham klub almashtirishi kutilayotgandi.
Amalda esa Krishtianuning kutilmaganda Turinga kelib qolganini aytmasa, bu safargi transfer bozori sokinlik bilan o‘tmoqda. Grizmann «Atletiko»da qoladigan bo‘ldi, «PSJ» yoki Angliya klublaridan yulduzlarni tortib olish endi hatto «Real»ga ham oson ish emasligi ko‘rinib qoldi. Natijada, biz ispan grandlarining bir qator kutilmagan transferlariga guvoh bo‘ldik.
Bir qaraganda, u qadar jalb qilmaydigan oddiy transferlar, ammo yaxshilab nazar solsak, bu yosh futbolchilar nafaqat kelajakda, balki shu mavsumdayoq yorqin o‘yin ko‘rsatishlari va futbol olamining yangi yulduzlariga aylanishlari mumkin.
ARTUR («Barselona») – 31 million yevro

«Barselona»ning mavsumoldi ilk nazorat o‘yini «Tottenhem»ga qarshi kechdi. Bu uchrashuvda jamoaning deyarli barcha yetakchi futbolchilari maydonga tushmagan bo‘lsa-da, muxlislar o‘yinni qoniqish bilan tark etishdi deyish mumkin. Chunki jamoa safiga endi kelib qo‘shilgan Artur debyut o‘yinidayoq juda chiroyli gol kiritib, barchaning olqishiga sazovor bo‘ldi. Inesta, Paulino kabi futbolchilardan ayrilgan «Barselona» uchun bu yosh futbolchi yaxshigina o‘rinbosar bo‘lishi mumkin. To‘pni muomala qilishi, pas madaniyati bo‘yicha Artur xuddiki bir umr «La Masiya» o‘ynab yurgandek taassurot qoldirdi.
Artur Enrike Ramos di Oliveyra Melo. 1996 yilda tug‘ilgan. Markaziy yarim himoyachi.
«Goyas» klubi tarbiyalanuvchisi 19 yoshida «Gremio» akademiyasidan joy oldi, oradan bir yil o‘tib esa, Luish Filipe Skolari futbolchini asosiy tarkib o‘yinlarida sinab ko‘ra boshladi. 2017 yildan esa, u «Gremio»ning asosiy futbolchilaridan biriga aylandi. To‘pni yaxshi nazorat qila oladigan, maydon markazidagi yakkakurashlarda benazir bo‘lgan Arturni ispaniyalik yarim himoyachilar – Andres Inesta yoki Tiago Alkantaraga qiyoslashadi.
Demak, Inestaga o‘rinbosar qidirgan «Barselona» uchun Artur ayni muddao bo‘lishi mumkin. Libertadores kubogi sohibi bo‘lgan Artur bilan kelishuv shu yilning martidayoq amalga oshgandi. «Barselona» Braziliya klubiga futbolchi uchun 31 million yevro berishga rozi bo‘ldi. Bundan tashqari, kataloniyaliklar yana 9 million yevro turli bonuslar shaklida to‘lovlar qilishlari mumkin.



















