O‘zbekiston | 17:05 / 31.07.2018
5708
2 daqiqa o‘qiladi

Ortiqcha to‘langan soliq summasiga omonat sifatida yillik foizlar belgilash taklif qilindi 

Foto: KUN.UZ

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida jismoniy shaxslar tomonidan ortiqcha to‘langan soliq summasiga omonat sifatida yillik foizlar belgilash haqida petitsiya paydo bo‘ldi.

Qayd etilishicha, bozor iqtisodiyoti sharoitida soliqlar davlat iqtisodiyotining asosiy tayanchi hisoblanadi. Soliqning o‘z vaqtida va to‘la hajmda undirilishi mamlakat iqtisodiyotining barqaror rivojlanishi hamda aholi farovonligining asosidir. Ma'lumki, soliq qarzdorligi doim mavjud holat va uning sabablari turli xil bo‘lishi mumkin. OAV orqali eskidan qolgan turli xil stereotiplarni yo‘qotish, soliq madaniyatini yuksaltirish juda qiyin, quruq tadbirlar va videoroliklar bilan madaniyat oshmaydi. 

“Fikrimizcha, soliqlarni o‘z vaqtida to‘lashdan ko‘ra soliqlarni o‘z vaqtidan ancha oldin to‘lab qo‘yish davlat g‘aznasi uchun juda foydalidir. Yuqoridagi jarayonni hayotga tatbiq etish uchun fuqarolar va davlat o‘rtasida bevosita iqtisodiy manfaat (preferensiya, daromad) bo‘lishi kerak!” - deyiladi murojaatda.

“Fuqarolar tomonidan katta qarzdorlik kuzatilayotgan soliq turlarini aniqlab, mazkur soliqlar bo‘yicha quyidagicha mexanizm qo‘llanilishi joiz: masalan, fuqaro belgilangan soliq summasidan ortiqcha pul to‘ladi. Ushbu summani fuqaro O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 31-38 moddalariga asosan qaytarib olishi mumkin, ammo bu juda uzoq kechadigan jarayondir. Shu sababdan, ortiqcha to‘langan soliq summasini - qaytarilmas omonat sifatida qabul qilishni taklif qilamiz. Keyingi davrgacha ortiqcha summa qaytarilmas omonat sifatida 15-19 foizda o‘sadigan bo‘lsa, fuqaro nafaqat soliqni ortiqcha to‘laydi, balki oldinroq to‘lashga ham harakat qiladi”, - deb yozadi petitsiya muallifi.

Mavzuga oid