Poytaxtimiz qiyofasini tubdan o‘zgartirishi kutilayotgan bunyodkorlik ishlari o‘zining ko‘lamdorligi hamda atrofida kechayotgan bahs-munozaralari bilan jamoatchilikning katta qiziqishiga sabab bo‘lmoqda. Bular – ayniqsa, ulkan innovatsion inshootlar barpo etilayotgan O‘qchi va Olmazor mahallalari aholisini ko‘chirtirishdan boshlab, qurilishga sarflanayotgan moliyaviy mablag‘ga ham taalluqli. 

Jarayon bir lahza ham tingani yo‘q: yuk mashinalari karvoni tun-u kun bunyod etilayotgan Tashkent City hududiga tonnalab tuproq, shag‘al, qum va boshqa qurilish ashyolarini tashiyapti; chiqitlar olib chiqib ketilmoqda. Ammo ma'lumotlar juda kam, qurilish tevaragi ulkan chodirlar bilan o‘rab qo‘yilgan, obekt ishchi-xodimlari esa bu borada izoh berishni ko‘p ham istashmaydi.

Rasmiy ma'lumotlar esa juda kam. Axir 80 gektarlik maydonda katta o‘zgarishlar bo‘ladiyu, gap so‘z urchimay qoladimi? Elning og‘ziga esa elak tutib bo‘lmaydi. Yoki loyiha haqiqatan ham “yopiq eshiklar” mazmunida amalga oshirilayaptimi? Odamlarning gap-so‘zlariga quloq tutamiz:

“Loyiha davlat byudjyeti hisobidan qurilmoqda!”

“Tashkent Cityda aslida barcha inshootlar buzilib, o‘rnida hech narsa qurilmayapti!”

“Tarixiy-me'moriy yodgorliklar va yana boshqa ko‘p binolarni buzishdi!”

“Ko‘p yillik daraxtlar... Ularni bitta ham qoldirmay ildizi bilan qo‘porib tashlashdi!”

Sizga tanish bo‘lgan mushohadalarmi?

Bu jamoatchilikning ijtimoiy tarmoqlarda qoldirgan fikrlari. Yanayam aniqroq aytsak, siz bilan bizning ayni paytda his-hayajonga yo‘g‘rilgan mulohazalarimiz. Xo‘sh, bu qabildagi fikrlar paydo bo‘lishiga nima sabab bo‘ldi?

Keling, shular to‘g‘risida suhbatlashaylik VA...

Avvalboshdan muddaoga ko‘chaylik – “Tashkent Sity” XIM jamoasi o‘zining barcha “sir-asrorlarini ochish”ga tayyor! Biz shaffoflik tarafdori. Shu bois jamoatchilik vakillari fikrini inobatga olgan holda ochiq muloqotga tayyormiz va amalga oshirilayotgan qurilish ishlari va istiqboldagi rejalarni bayon etishga har doim tayyormiz. Agar kuzatib borayotgan bo‘lsangiz, bu borada axborot materiallari chop etilmoqda, ijtimoiy tarmoqlarda esa maxsus sahifalar faoliyat ko‘rsatayotir, binokorlikning muhim jihatlarini keng jamoatchilik e'tiboriga havola qilish barobarida uchrashuv va bahs-munozaralarda bildirilgan asosli g‘oyalar inobatga olinayapti. Ularning natijalari esa, albatta tatbiq etilmay qolmaydi.

Endi, yuqorida keltirilgan ayrim uchquyruq savollar haqida.