Vardan Nersisyan — voronejlik «Lavash36» kabobxonasi asoschisi. U o‘z biznesini 2011 yilda ishga tushirgan. Boshqa kabobxonalardan farqlanish uchun uyga yetkazib berishni yo‘lga qo‘ygan.
Nersisyan hatto ana shunday konservativ sohada ham qo‘shimcha texnologiyalar yordamida qo‘shimcha afzalliklarga ega bo‘lish imkoniyatini qayd etdi: u sayt yaratdi, onlayn-to‘lov va ekvayringni kiritdi, shuningdek, Delivery Club va taom yetkazish bo‘yicha boshqa agregatorlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi.

Yetti yil davomida tadbirkor bankrotlik yoqasiga kelish, xatolarini vaqtida sezish va to‘g‘rilashga ham ulgurdi. Bugun u “Dodo-pitssa” asoschisi Fyodor Ovchinnikovning muvaffaqiyatini takrorlash va kabobni kundalik taomga o‘zgartirishni orzu qiladi.
Oilaviy ish
Oilasi Armanistondan Voronejga ko‘chib kelganida Vardan Nersisyan 13 yoshda edi. Uning otasi - taksi haydovchisi, onasi – o‘qituvchi bo‘lib ishga joylashdi. Ota-onasi Vardan va uning ikkita aka-ukasi Rossiyada oliy ma'lumotga ega bo‘lishini istashardi.
Nersisyan rus tilida gapirmasdi, biroq to‘rt yil davomida tilni o‘rganib, 2004 yilda Voronej davlat universitetining lingvistika fakultetiga o‘qishga kirdi. 22 yoshga to‘lganida u ingliz va fransuz tili bilan qo‘shib hisoblaganda to‘rt tilda gaplashardi.
Oliy ta'lim muassasasini tamomlagach, u ikkita yo‘nalishda ishlay boshladi. Kunduz kuni xonadonlarni ta'mirlash bo‘yicha ustaning yordamchisi, kechki paytlari o‘quvchilarga til o‘rgatish bo‘yicha repetitorlik qilardi.
Bir necha yil o‘tgach charchaganini his qildi. Tanishlari to‘laqonli hayot kechirayotgan, ekzotik mamlakatlar, kechalarda olingan suratlarini ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirayotgan, yangi avtomobillari bilan maqtanayotgan bir vaqtda u bir ishdan boshqasiga borib, kun kechirardi. U hayotini o‘zgartirib, ko‘proq pul ishlab topishni istardi. Bayram tadbirida do‘sti bilan bo‘lgan suhbat o‘zgarishlarga turtki bo‘ldi.
U quyidagicha fikr yuritardi: “Otam doim zavodda ishlagan va men ham ishchiga aylandim. Kimning otasi badavlat amaldor bo‘lsa, o‘zi ham amaldorga aylanadi”.
Nersisyan tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga qaror qildi. Bir necha yil yollanib ishlagani sabab 100 ming rublga yaqin pul to‘plashga muvaffaq bo‘lgandi. Shuning uchun kredit olmaslik maqsadida “kirish ostonasi past bo‘lgan soha”ni izlay boshladi.











