Sport | 10:20 / 09.08.2018
13224
3 daqiqa o‘qiladi

Kurtua - «Real»ga, Kovachich - «Chelsi»ga. Rasman. Endi hech kim isyon qilmaydi 

«Chelsi» va «Real» darvozabon Tibo Kurtua transferi bo‘yicha kelishuvga erishdi. 

Bugun Belgiya terma jamoasi darvozaboni Madridda tibbiy ko‘rikdan o‘tadi va «Santyago Bernabeu»da rasman jamoaning yangi a'zosi sifatida tanishtiriladi.

26 yoshli ushbu futbolchi bilan «Real» 6 yillik shartnoma imzolaydi. Londonliklar jamoasi uning transferi uchun 40 million yevroga yaqin mablag‘ ishlab oladi.

Ushbu transfer doirasida «Chelsi» «Real» yarim himoyachisi Mateo Kovachichni bir yil muddatga ijaraga oladi.

Eslatib o‘tamiz, Kurtua «Chelsi»ga 2011 yili «Genk»dan kelgan va 3 yil muddatga «Atletiko»ga ijaraga berilgandi. U inglizlar jamoasiga 2014/15 yilgi mavsumda qaytgan va o‘shandan buyon jamoaning asosiy darvozaboni bo‘lib kelayotgandi.

Kurtua «Chelsi» bilan 4 sovrin yutib olgan – Angliya chempionatidagi ikki chempionlik, Angliya Kubogi va Angliya ligasi kubogi.

Qayd etish kerakki, belgiyalik futbolchi ta'tildan klub bazasiga qaytmadi va o‘zini Madrid jamoasiga transfer qilishni talab qilgan holda, klub mashg‘ulotlarini boykot qildi. Shundan keyin klub uni «Real»ga qo‘yib yuborishga majbur bo‘ldi.

«Real» Kovachichni «Inter»dan 2015 yilda sotib olgan, ammo xorvatiyalik futbolchi o‘tgan vaqt ichida 9 sovrin yutgan jamoaning asosiy tarkibiga kira olmagan. O‘tgan mavsumda xorvatiyalik futbolchi ispan jamoasi safida barcha turnirlar doirasida 21 o‘yinda maydonga tushgan.

Jahon chempionatida Xorvatiya termasi bilan kumush medallar olgan Mateo Kovachich ta'tildan qaytganidan keyin klub rahbariyatiga ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lish uchun boshqa klubga o‘tish istagini bildirgandi. U hatto klub mashg‘ulotlarini boykot qilgani haqida xabarlar tarqalgandi.

Mavzuga oid