O‘zbekiston | 18:26 / 09.08.2018
28343
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev: «Ifloslantiruvchi to‘laydi» tamoyili asosida yangi tartib joriy qilish kerak»

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9 avgust kuni atrof-muhitni muhofaza qilish, maishiy chiqindilarni yig‘ish va qayta ishlash tizimini rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar bermoqda.

Yig‘ilishda chiqindilarni qayta ishlash masalasiga alohida e'tibor qaratildi. Ohangaron tumanida Janubiy Koreyaning “Sejin” kompaniyasi bilan hamkorlikda 55 million dollarlik loyiha boshlangani qayd etildi. Ushbu loyiha natijasida chiqindi poligonidan biogaz olib, 16 megavatt yoki 10 mingta xonadon iste'moli uchun yetarli elektr energiyasi ishlab chiqariladi. 

Prezident sohaga xorijiy investorlarni jalb etish, chiqindini qayta ishlash va undan energiya olish bo‘yicha yangi investitsiya loyihalari ishlab chiqish zarurligini ta'kidladi.

“Sohada dunyo tajribasida keng qo‘llanilayotgan “ifloslantiruvchi to‘laydi” tamoyili asosida yangi tartib joriy qilish kerak. Ya'ni, mahsulotdan hosil bo‘ladigan chiqindini utilizatsiya qilish uni ishlab chiqaruvchi korxonalar hisobidan qoplanishi lozim. Bu xarajatlarning odamlarga og‘irligi tushmasligi kerak”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Obodonlashtirish boshqarmalari moddiy-texnik bazasini yangilash, boshqaruvda zamonaviy usullarni joriy etish, chiqindi poligonlarini sanitar talablar asosida tartibga keltirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Texnikalarni to‘g‘ri ekspluatatsiya qilish, ularning joylarga chiqishini elektron boshqarish, xizmatlar uchun tushumlar hisob-kitobini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, kadrlar tayyorlash bo‘yicha vazifalar belgilandi. 

Ayrim odamlarda haligacha chiqindini maxsus belgilangan joyga tashlash, o‘z ko‘chasi va hududini ozoda saqlash madaniyati shakllanmagani qayd etildi. Shu bois hududlarni ifloslantirganlik uchun javobgarlikka tortishning ta'sirchan mexanizmlarini yaratish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqish zarurligi ta'kidlandi. 

Yig‘ilishda mutasaddi rahbarlarning axboroti tinglanib, tegishli topshiriqlar berildi. 

Mavzuga oid