18:27 / 13.08.2018
7445

Daraxtlarni noqonuniy kesishga javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda

Foto: KUN.UZ

Daraxtlarni noqonuniy kesib-ketishga qarshi kurashish bo‘yicha javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda. Bu haqda Kun.uz muxbiri Ekologiya va atrof-muhitni himoya qilish davlat qo‘mitasi vakili bergan ma'lumotga tayanib xabar bermoqda.

«Haqiqatan, daraxtlarning noqonuniy ravishda kesishga qarshi javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda. Ayni kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha qaror loyihasi ishlab chiqildi. Ushbu taklif Bosh prokuraturaga taqdim etildi.

Bundan tashqari, yetkazilgan zararni qoplash bo‘yicha belgilanadigan to‘lov miqdori ham bir necha barobar oshirilishi rejalashtirilmoqda. Bu bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi qaror loyihasi ishlab chiqilmoqda. Ta'kidlash lozimki, ushbu miqdor amaldagi belgilangan summadan taxminan 10 barobar ko‘p bo‘lishi kutilyapti»​, deydi qo‘mita boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari.

Eslatib o‘tamiz, fuqarolarning ko‘p sonli murojaatlari, takliflari o‘rganilib chiqib O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va Toshkent shahar hokimiyati o‘rtasida «Toshkent shahri hududidagi manzarali daraxt va butalar muhofazasini kuchaytirish, daraxtlarning noqonuniy kesilishi holatlarining oldini olish, tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyati uchun yer uchastkalarini ajratishda daraxtlar va ko‘p yillik butalarni saqlash qolish tizimini tashkillashtirish to‘g‘risida»gi qo‘shma qaror imzolangandi.

Top