Agarda Vashington Turkiyaga qarshi bir tomonlama harakatlarini to‘xtatmasa, Anqara yangi ittifoqchilarni topadi. Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ana shunday bayonot berdi. U shuningdek, hamkorlari bilan savdoni milliy valyutalarda amalga oshirish niyatida ekanligini aytdi. Erdo‘g‘anning ta'biri bilan aytganda, bu "ayyorona siyosiy o‘yin" qanday yakun topadi?

Uzoq yillik sheriklar

Ekspertlar NATO bo‘yicha bu ikki ittifoqchi orasida darz ketayotgan munosabatlar Anqarani Rossiya va Xitoyga yanada yaqinlashtiradi, deb hisoblashmoqda. 

Prezident Erdo‘g‘an The New York Times gazetasida chop etilgan maqolasida agarda AQSh Turkiyaga nisbatan siyosatini qayta ko‘rib chiqmaydigan bo‘lsa, Anqara yangi do‘st va ittifoqchilarni topishga mumkinligi haqida ogohlantirdi.

U Turkiya-Amerika munosabatlari tarixiga to‘xtalar ekan, ikki davlat o‘nlab yillar davomida NATO bo‘yicha strategik sheriklar bo‘lganini eslatdi. Turkiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, AQSh Turkiya manfaatlariga nisbatan bir necha marta tushunmovchilik va hurmatsizlik bilan yondashdi, bu ayniqsa keyingi yillarda kuchaydi.

Foto: REUTERS

Erdo‘g‘an turk-amerika munosabatlaridagi ikki holatga alohida e'tibor qaratdi. 2016 yilda Turkiyada hukumatga qarshi kuchlar davlat to‘ntarishini amalga oshirishga uringanida AQSh respublikaning amaldagi hukumatini qo‘llab-quvvatlamadi, shunchaki «barqarorlik» o‘rnatishga chaqirish bilan cheklandi. Buning ustiga, Anqara bir necha bor so‘rov yuborishiga qaramasdan, Fathulloh Gulenni Turkiyaga bermayapti. Amalga oshmagan davlat to‘ntarishi ortida aynan Gulen turganiga Turkiya hukumatining ishonchi komil.

Qo‘shimchasiga, amerikaliklarning Suriyadagi kurd xalq mudofaasi otryadlari (YPG) bilan hamkorlik qilishlari Turkiyaning hafsalasini pir qilmoqda. Anqara YPG’ni Turkiyada taqiqlangan Kurdiston ishchilar partiyasi filiali deb hisoblaydi va uni terrorchi tashkilotlar ro‘yxatiga kiritgan. Erdo‘g‘an AQSh keyingi yillarda kurd otryadlariga minglab yuk mashinalarida qurol yetkazib berganini qayd etdi.

S-400 va pastor Branson

O‘z navbatida, Vashington Turkiyaning Rossiyadan S-400 zenit raketalari majmuini sotib olish niyatidan butkul norozi. Bu borada tegishli shartnoma o‘tgan yili imzolangandi. Turkiya Rossiyaning ZRMlarini sotib oladigan NATOdagi birinchi davlat bo‘ldi. Iyun oyida Amerika ma'muriyati turk tomonini Anqaraga nisbatan sanksiyalar kiritilishi haqida ogohlantirdi.