O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Tojikiston Respublikasi prezidenti Imomali Rahmon 2018 yilning 17-18 avgust kunlari davlat tashrifi bilan O‘zbekiston Respublikasida bo‘ldi.

TIV O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonning qo‘shma bayonoti matnini e'lon qildi.

O‘zaro anglashuv, konstruktiv va ochiq muhitda o‘tgan muzokaralar davomida Davlat rahbarlari davlatlararo munosabatlarning hozirgi holatidagi dolzarb masalalarni, O‘zbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi o‘rtasidagi aloqalarning barcha sohalarini qamrab oladigan ikki tomonlama keng ko‘lamli hamkorlikni yanada kengaytirish va chuqurlashtirish istiqbollarini, shuningdek, o‘zaro qiziqish uyg‘otadigan dolzarb mintaqaviy va xalqaro muammolarni batafsil muhokama qildilar.

O‘zbekiston va Tojikiston prezidentlari davlatlararo siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarning o‘sish sur'atini, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli va sermahsul munosabatlarning jadal va izchil rivojlanib borish tendensiyasini mamnuniyat bilan e'tirof etib,

do‘stlik, ahil qo‘shnichilik va o‘zaro hurmat tamoyillariga tayangan holda, shuningdek, ikki qardosh xalqlarning ko‘p asrlik tarixiy va madaniy umumiyligidan kelib chiqib va 2000 yil 15 iyunda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi o‘rtasida abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi Shartnoma qoidalariga amal qilgan holda,

ikki tomonlama munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga olib chiqish O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasida uzoq muddatli asosda konstruktiv va o‘zaro manfaatli hamkorlikni amalga oshirishga yangi va katta turtki berishiga ishonch bildirgan holda,

butun mintaqada tinchlik va barqarorlikni har tomonlama mustahkamlash, uning izchil rivojlanishi va ravnaq topishini ta'minlashda o‘zlarining yuksak mas'uliyatlarini anglagan holda,

quyidagilar to‘g‘risida bayonot berdilar:

1. Davlat rahbarlari tashrif davomida imzolangan O‘zbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi o‘rtasida strategik sheriklik to‘g‘risidagi Shartnoma ikki davlat va xalqlar o‘rtasidagi an'anaviy do‘stlik, ahil qo‘shnichilik va hamkorlik munosabatlarini har tomonlama yanada rivojlantirish va mustahkamlashga xizmat qilishiga, shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik, xavfsizlik va izchil taraqqiyotni ta'minlashga ko‘maklashishiga ishonch bildirdilar.