Bugun Jakartaga kelganimizga besh kun bo‘ladi. Endi bu gaplarni yozsam bo‘ladi. Maqolam avvalida yaqindagi voqeani esladim. Yurtimizga Ektor Kuper tashrif buyurib, ilk matbuot anjumani o‘tkazilganida bir telekanal xodimasining argentinalik mutaxassisga «endi bir oilamiz», deb murojaat qilgani erish tuyulgandi. Sobiq sho‘rolar tuzumidagi pionerlar drujinasi yodimga tushgandi o‘shanda.

Sal o‘tib, bu gap go‘yo o‘zimga tarsaki bo‘lib qaytdi: sportchilar, jurnalistlar va o‘zbek sportiga daxldor jamiki mas'ul shaxslar bir reys bilan Indoneziya sari yo‘l olar ekanmiz, jurnalist singlimiz tomonidan yangragan o‘sha «oila» so‘zi beixtiyor ustimdan kula boshladi. Rostan ham uzoq safar — har holda 20 kun kam bo‘lmasa kerak — O‘zbekiston terma jamoasi libosida yo‘lga tushganlarni uch-to‘rt kunning o‘zida bir oilaga aylantirib tashlaganiga guvoh bo‘ldim.

Foto: Hasan Pirmuhammedov
Foto: Hasan Pirmuhammedov

Oilaga aylanishimizga ko‘p omillar bor ekan:

Avvalo, safar. Musofirchilik insonni tanitadi. Ulg‘aytiradi. Yaqinlashtiradi. Hatto kimdandir uzoqlashish kerakligini ham anglatadi.

Ikkinchidan, bir xil libos. Hamma bir xil ko‘rinishda bo‘lsa, o‘z-o‘zidan bir jamoa odamiga aylanib qoladi. (Bir xil kiyim kiyiladigan joylar insonlarga hayotdan saboq beradi, shekilli). Ishonasizmi, yo‘qmi, ba'zi o‘rinlarda ruxsat berilmaydigan hududlarga ham kirib ketyapmiz — bizni sportchi deb o‘ylashyapti.

Uchinchidan, ish. Kundan kunga bir-birimizni yaxshi tanib, suhbatlashib, bir ishning ustida uchrashaverganimizdan, saytlar o‘rtasidagi raqobat va kanallar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar o‘z-o‘zidan yo‘qolib ketyapti. Safarimiz avvalida tushunmovchiliklar ko‘zga tashlangandi, keyinroq bu masalalar o‘ta kichkina bo‘lib chiqdi.

To‘rtinchidan, har kungi jamlanish.