Sport | 16:23 / 22.08.2018
12757
3 daqiqa o‘qiladi

Olimjon Hikmatov: “Erkin kurashda bundan ham yaxshi bo‘lishi mumkin edi” 

Indoneziyada Osiyo o‘yinlari doirasidagi bahslar davom etmoqda. Kun.uz muxbiri erkin kurash bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Olimjon Hikmatov bilan suhbat uyushtirdi.

Foto: Anvar Ilyosov

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston erkin kurashchilarining Osiyo o‘yinlaridagi ishtiroki yomon bo‘lmadi. 

“Bundan ham yaxshi bo‘lishi mumkin edi. Bitta oltin va uchta bronza medal qo‘lga kiritildi. Umumjamoa hisobida 2-o‘rinni egalladik. Jami 6 nafar sportchi ishtirok etdi. Rejamizda esa 1ta oltin, 1ta kumush va 1ta bronza edi. Oltin medal uchun uch nafar kurashchimizda imkoniyat bor edi. 

Eron asosiy raqibga aylandi. Bishkekda joriy yilning mart oyida bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida birinchi o‘rinni egallab, eronliklardan ham o‘tib ketgandik. Erkin kurashda har bir vazn toifasi bo‘yicha jahon reytingi bor. Unda Abbos Rahmonov 2-o‘rinda, Magomed Ibragimov 2-pog‘onada, Bekzod Abdurahmonov ham bor. Balki, Erondan o‘tib keta olmaganimizga avval 10ta, hozir esa 6ta vazn toifasi borligi ham sabab bo‘lgandir. Vazn toifalarida qator o‘zgarishlar bo‘ldi. Shuni aytib o‘tish kerakki, Eron jahondagi eng kuchli jamoalardan biri. Bu sport. Hammasi bo‘lishi mumkin. Ularda bu sport turi bilan ko‘proq shug‘ullanishadi, bunga ko‘proq mablag‘ ajratishadi, kurash birinchi yoki ikkinchi raqamda. O‘shanda Osiyo chempionatida ulardan o‘tib ketganimiz juda yaxshi natija bo‘lgandi, hozir ham yomon emas.

Legionerlarga keladigan bo‘lsak, bu faqat medallar uchun qilinadi. Sababi ular bizda shug‘ullanganida, boshqacha narsa bo‘lardi. Ular o‘z uyida mashg‘ulotlarni o‘tkazadi. O‘zbek yigitlarimiz ikkita medalni qo‘lga kiritgani esa juda yaxshi natija bo‘ldi. Legionerlar ham ikkita bronzani olishdi. Ammo, legionerlarda ham O‘zbekiston fuqaroligi bor. 

O‘zbekistonda erkin kurash sport turining rivojlanish darajasini yomon deb bo‘lmaydi. So‘nggi yillarda ko‘plab sovrinli o‘rinlar, medallar qo‘lga kiritildi. Rivojlanish faqat oldinga qarab ketmoqda. Bu yil Osiyo chempionatida jamoaviy hisobda birinchi o‘rin qo‘lga kiritildi. 10ta toifadan sakkiztasida medal olindi. Tokiodagi Olimpiadaga ham tayyorgarlik ko‘rilmoqda. U yerda hech bo‘lmasa 2ta medalga harakat qilamiz. Bir-ikki vazn toifasidagi sportchilarni hali kuchaytirishimiz kerak”, - deydi Hikmatov.

Mavzuga oid