15-avgust kuni tongda Indoneziyaning sharqiy qismida 7,7 magnitudali zilzila ro‘y berdi. Reuters agentligi xabariga ko‘ra, zilzila epimarkaziga eng yaqin bo‘lgan Flores orolidagi Maumere shahrida 47 kishi halok bo‘lgan.

Yana 23 kishi turli darajada jarohat olgan. Jabrlangan hududlardan 2 mingga yaqin kishi evakuatsiya qilingan.

Zilzila Flores orolida jiddiy vayrongarchiliklarga sabab bo‘lgan: 50 ga yaqin uy, shuningdek, maktab, shifoxona va hukumat binolari shikastlangan. Ayrim hududlarda ko‘chki sodir bo‘lgan, natijada 700 km uzunlikdagi muhim transport tomiri hisoblangan Transfloressk shossesi bir necha joyda to‘silib qolgan.

Zilzila tufayli ko‘plab hududlar elektr ta’minotidan uzilgan, bu ham ma’lumot tarqatish hamda qidiruv-qutqaruv ishlari olib borishni qiyinlashtirmoqda.

Labun-Badjodagi «Jakarta» mehmonxonasidan evakuatsiya
Foto: Reuters

Yo‘llar to‘silgani va aloqa uzilgani tufayli qutqaruv guruhlari zilzila epimarkaziga yaqin joylashgan Nagekeo okrugiga yetib bora olmayapti. Komodo nomli turistik shahardagi aeroport qisman vayron bo‘lgan.

Maumerdagi port terminalida ishlayotgan qutqaruvchilar
Foto: Reuters

12 soat o‘tib Sumatra oroli sohillarida yana bir zilzila ro‘y berdi. U yerdagi jabrlanuvchilar va vayrongarchiliklar haqida ma’lumot yo‘q.

Rasmiylar sunami xavfi haqida ogohlantirish bergan va sohilga yaqin hududlar aholisini evakuatsiyaga chaqirgandi, ammo meteorologlar dengiz sathida jiddiy o‘zgarish yo‘q deb topishdi va bu ogohlantirish bekor qilindi.

Sikka okrugidagi Talibura qishlog‘idan evakuatsiya
Foto: ARNOLD WELIANTO / AFP via Getty Images

Zilzila – Indoneziyada tez-tez ro‘y berib turadigan tabiat hodisasi hisoblanadi.

2004-yilda Sumatra sohillari yaqinida 9,1 magnitudali zilzila ro‘y berishi sunamiga olib kelgan va 220 mingga yaqin kishi halok bo‘lgandi.