O‘zbekiston | 09:20 / 25.08.2018
19695
2 daqiqa o‘qiladi

Endilikda ichki ishlar organlariga ishga kirish uchun psixolog suhbatidan o‘tish lozim

Foto: KUN.UZ

Ichki ishlar organlari boshqaruv, nazorat va shaxsiy tarkib bilan ishlashning samarali tizimini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi prezident qarori qabul qilindi.

Qaror bilan Ichki ishlar vazirligining Tashkiliy departamenti tuzildi. Departamentning asosiy vazifalari etib respublikada kriminogen vaziyatni tizimli tahlil qilish va prognoz qilish, ichki ishlar organlari faoliyatini jinoyatchilik holati va unga qarshi kurashish natijalarini o‘rganish asosida rejalashtirish, ichki ishlar organlari faoliyati samaradorligini tahlil qilish va baholash, ularni kompleks tekshirish va nazorat qilish, amaliy va uslubiy yordam ko‘rsatish, shu jumladan ish natijadorligini oshirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish belgilandi.

Tuman ichki ishlar organlari boshliqlarining kadrlar bo‘yicha o‘rinbosarlari tegishlicha tuman ichki ishlar organlari boshliqlarining tarbiyaviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga o‘zgartirilib, ularga shaxsiy tarkib o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish va xodimlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarni o‘z vaqtida aniqlash vazifasi yuklatildi.

“Huquqiy axborot” kanalining yozishicha, ichki ishlar organlarining qabul va attestatsiya, shu jumladan maxsus unvonlarni berish bo‘yicha komissiyalari faoliyatida psixolog-mutaxassislar ishtirok etishi va ular individual suhbat o‘tkazish natijasi bo‘yicha har bir nomzod va xodim bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilishda hisobga olinadigan xulosa berishi belgilandi.

Qaror bilan Ichki ishlar vazirligining Malaka oshirish instituti tashkil etildi.

Mavzuga oid