O‘zbekiston boks maktabi nafaqat Osiyo miqyosida, balki jahonda ham yetakchi ekanini isbotlab bo‘lgan.

Avvaliga 2016 yilgi Rio Olimpiadasida 3ta oltin (Hasanboy Do‘smatov, Shahobiddin Zoirov va Fazliddin G‘oibnazarov), 2ta kumush (Shahram G‘iyosov va Bektemir Meliqo‘ziyev) va 2ta bronza (Murodjon Ahmadaliyev va Rustam To‘laganov) medal qo‘lga kiritilgan va O‘zbekiston boks jamoasi umumjamoa hisobida Kuba va Qozog‘iston vakillarini ortda qoldirib, birinchi o‘rinni egallagandi.

2017 yilning 20 aprelidan 7 may kunigacha Toshkent shahri boks bo‘yicha Osiyo chempionatiga mezbonlik qildi. Osiyo chempionatida O‘zbekiston vakillari 10ta vazn toifasidan 9tasida chempion bo‘lishdi: -49 kg vazn toifasida Hasanboy Do‘smatov, -52 kg vazn toifasida Jasurbek Latipov, -56 kg vazn toifasida Murodjon Ahmadaliyev, -60 kg vazn toifasida Elnur Abduraimov, -64 kg vazn toiifasida Iqboljon Xoldorov, -69 kg vazn toifasida Shahram G‘iyosov, -75 kg vazn toifasida Isroil Madrimov, -81 kg vazn toifasida Bektemir Meliqo‘ziyev, +91 kg vazn toifasida Bahodir Jalolov tengsiz bo‘ldi, faqat -91 kg vazn toifasidagi vakil Sanjar Tursunov chorak finalda qozog‘istonlik Vasiliy Levitga yutqazib qo‘ydi, Levit bu vazn toifasida finalda ham g‘olib bo‘ldi.

2017 yilning 25 avgustidan 2 sentabrigacha Germaniyaning Hamburg shahrida jahon chempionati bo‘lib o‘tdi. Bu turnirda O‘zbekiston vakillari jami 6ta medal olishdi. Shahram G‘iyosov (-69 kg) kubalik Roniel Iglesias Gomesni mag‘lub etib, jahon chempioniga aylandi. Hasanboy Do‘smatov (–49 kg), Jasurbek Latipov (-52 kg) va Iqboljon Xoldorov (-64 kg) finalda imokniyatni boy berib, kumush medal bilan kifoyalandi, Bektemir Meliqo‘ziyev (-81 kg) va Sanjar Tursunov (-90 kg) bronza medallar bilan taqdirlandi. Yakunda medallar shodasi bo‘yicha Kuba birinchi o‘rinni oldi (5 oltin va 2 kumush), O‘zbekiston ikkinchi bo‘ldi (1-3-2), uchlikni Qozog‘iston yakunladi (1-2-3).

O‘tgan vaqt davomida Rio Olimpiadasi sovrindorlari Fazliddin G‘oibnazarov, Shahram G‘iyosov, Murodjon Ahmadaliyev va Rustam To‘laganov professional boksga o‘tishdi. Ularga 2017 yilgi Osiyo chempionlari Elnur Abduraimov va Bahodir Jalolov ham qo‘shilishdi.

Ayni vaqtda 2018 yilgi Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston boks jamoasi sharafini Hasanboy Do‘smatov (-49 kg), Jasurbek Latipov (-52), Miraziz Mirzaxalilov (-56 kg), Shunqor Abdurasulov (-60 kg), Iqboljon Xoldorov (-64 kg), Bobousmon Baturov (-69 kg) va Isroil Madrimov (-75 kg) himoya qilishmoqda.