O‘zbekiston | 15:24 / 05.09.2018
42265
3 daqiqa o‘qiladi

Paxta mavsumida terimchilarning yotog‘i uchun ta'lim muassasasidan joy ajratish taqiqlandi

Foto: KUN.UZ

2018 yilgi paxta terimi mavsumida respublika bo‘ylab 26 ming 467ta terim otryadi tashkil etilishi va 2 million 639 ming nafar terimchi jalb qilinishi kutilmoqda. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda. 

5 sentabr kuni Vazirlar Mahkamasida tashkil etilgan videoselektor yig‘ilishida terim otryadlari rahbarlarini rag‘batlantirish maqsadida ularga bir oyda 2 million so‘mdan haq to‘lanishi aytildi. Ma'lum qilinishicha, ushbu mablag‘lar Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamg‘arma hisobidan to‘lanishi joriy qilinmoqda. Buning uchun jami 24,9 milliard so‘m ish haqi to‘lab beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripovning qayd etishicha, otryad rahbarlari terimchilar ro‘yxatini mustaqil ravishda shakllantiradi, ishlarni tashkil etishda boshchilik qiladi. 

«Otryad rahbari kim? U ishni tashkil etish qobiliyatiga ega, el-yurtni tanigan inson. Masalan, 100 kishi uning qo‘l ostida birlashib, paxta mavsumida mo‘maygina daromad qilish imkoniyati paydo bo‘lyapti. Rahbarning oylik maoshi ana shu otryadning samarador ishlashiga bog‘liq va bu maosh 1 oyga 2 milliondan oshishi kutilmoqda», deydi Bosh vazir. 

Yig‘ilishda joriy yilda terimga jalb qilingan 2 million 639 ming nafar terimchining 426 ming nafari yoki 16 foizi yotoq bilan ta'minlanishi aytildi. Ular 1363ta palatka, 4496ta dala shiyponi va boshqa joylarga joylashtiriladi. 

​​​«Bu yil terimchilar uchun maktab yo kollej binosidan yotoq uchun joy ajratish holati bo‘lmaydi. Bolalar paxta terim mavsumida ham o‘qib, ta'lim olishi shart. Ularning o‘qituvchilari, nafaqat pedagoglar, balki barcha fuqarolarni majburiy mehnatga jalb etish holati yuz bermasligi lozim. Agar joylarda hokimlar shunday vaziyatga yo‘l qo‘ysa, biz ularni lavozimidan ozod etamiz, Bosh prokuratura esa qonun doirasida chora ko‘rishga majbur bo‘ladi», deb ta'kidladi Bosh vazir.​

Mavzuga oid