«Yuventus» hujumchisi Krishtianu Ronaldu mashg‘ulotga ko‘zi ko‘kargan holda keldi.

Futbolchi terma jamoalarga chaqirilmagan boshqa futbolchilar bilan o‘tkazilgan mashg‘ulotlarda ishtirok etdi.

«Yuventus» klubining mashg‘ulot haqidagi fotohisobotida «Oltin to‘p»ning 5 karra sohibi ko‘zi ko‘kargan holda shug‘ullanganini ko‘rish mumkin. Buning sabablari haqida ma'lumot berilmagan.

Katta ehtimol bilan u A Seriya 3-turidan o‘rin olgan «Parma»ga (2:1) qarshi bahsda yuzidan zarba yegan bo‘lishi mumkin.

Ronaldu Portugaliya terma jamoasining sentabr oyidagi o‘yinlariga chaqirilmagan. Portugaliya milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fernandu Santush Krishtianuning tarkibga jalb etilmaganini u turinliklar klubiga moslashish jarayonini o‘tayotgani bilan izohlagan.

Portugaliya 6 sentabr kuni Xorvatiyaga qarshi, 10 sentabr kuni Millatlar ligasi doirasida Italiyaga qarshi o‘yinlar o‘tkazadi.