Angliyalik himoyachi Jon Terri tez orada Moskvaning «Spartak» klubi a'zosiga aylanishi mumkin.

Jurnalist Janluka Di Martsioning o‘z saytida xabar berishicha, bugun ertalab futbolchi Rimdagi «Villa Styuart» klinikasida tibbiy ko‘rikdan o‘tgan. Tekshiruv xulosalari ijobiy chiqqan va endilikda tomonlar bir yillik mehnat shartnomasiga imzo chekishadi. Bitim muddati ikki tomonning kelishuvi bilan yana uzaytirilishi mumkinligi aytilmoqda.

Kecha Daily Mail nashri Terri bilan intervyuni e'lon qilgan edi, unda futbolchi Moskva klubiga o‘tishi haqida og‘iz ochmagan. Aksincha, «Aston Villa»ga qaytish ehtimoli borligiga ishora qilgan.

Jon Terri asosan «Chelsi» klubi va Angliya terma jamoasidagi faoliyati bilan nom qozongan. 37 yoshli futbolchi faoliyatining asosiy qismini «ko‘klar» safida APLning 19 ta mavsumida ishtirok etgan. U o‘tgan mavsumni «Aston Villa» tarkibida o‘tkazib, Chempionshipda 32 o‘yinda maydonga tushib, 1 ta gol urdi.