Dehli shahrida Hindistonda O‘zbekiston madaniyat kunlariga rasman start berildi. Madaniyat kunlari ochilish marosimi Hindiston Tashqi  ishlar vazirligining katta tadbirlar o‘tkaziluvchi «Pravas Bxaratiya Kendra» forumlar saroyida tantanali oqshom bilan boshlandi. 

Tadbir tashkilotchilari - Hindiston madaniy aloqalar kengashi va O‘zbekiston-Hindiston do‘stlik jamiyati hamda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va Dehlidagi O‘zbekiston elchixonasi. 

Madaniyat kunlari ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda O‘zbekistonning musiqiy va raqs guruhlari ishtirok etishdi. Unda 300dan ziyod mehmon qatnashdi, ularning orasidan Hindistonning ijtimoiy-siyosiy va madaniy tashkilotlari, biznes-doiralari hamda OAV, elchilar va diplomatlar, ilm-fan va san'at arboblari o‘rin olgan. 

Foto: Hindistondagi O‘zbekiston elchixonasi
Foto: Hindistondagi O‘zbekiston elchixonasi

Mehmonlarning aksariyati oila a'zolari bilan tashrif buyurdi, zero Hindiston jamoatchiligida xorijiy mamlakatlar,  xususan O‘zbekistonning madaniy taqdimotlari katta qiziqish uyg‘otadi. 

Forumlar saroyida shuningdek O‘zbekiston san'at ustalarining ko‘rgazmasi tashkil etildi. 

Foto: Hindistondagi O‘zbekiston elchixonasi
Foto: Hindistondagi O‘zbekiston elchixonasi

Tadbir doirasida O‘zbekistonning turistik va madaniy salohiyati, jumladan Shahrisabzda bo‘lib o‘tgan Xalqaro Maqom festivali haqidagi videorolik namoyish etildi. 

O‘zbekistonning Hindistondagi favqulodda va muxtor elchisi Farhod Arziyev o‘z nutqida ikki xalq o‘rtasidagi ko‘p asrlik ma'naviy-madaniy aloqalar haqida so‘z yuritib, bugunga kelib o‘zbek-hind madaniy munosabatlari yangicha dinamikada rivojlanayotganini ta'kidladi. U O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kutilayotgan davlat tashrifi O‘zbekiston-Hindiston hamkorligiga yangicha mazmun kiritishini qayd etdi.