Joriy yilning fevral oyi boshlarida Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanida 5 yoshli qizni yo‘qolishi va keyinchalik vafot etgan holda topilganligi bilan bog‘liq jinoyat ishi barchani junbishga keltirdi. 

Foto: Farg‘ona viloyati IIB

O‘zA’ning yozishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Marg‘ilon shahar sudi tomonidan mazkur jinoyat ishi ochiq sud majlisida mazmunan ko‘rib chiqilib, 2018 yil 13 sentabr kuni ayblov hukmi e'lon qilindi. 

– Bu holat bo‘yicha Farg‘ona viloyati IIB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilgan, – deydi jinoyat ishlari bo‘yicha Marg‘ilon shahar sudi raisi M. Ibragimov. – Sud hay'ati tomonidan ochiq sud majlisida sudlanuvchi, jabrlanuvchining qonuniy vakillar, guvohlar, ekspert-mutaxassis va tergovchilarning ko‘rsatuvlarini, taraflar muzokarasini, sudlanuvchining muzokara va oxirgi so‘zlarini tinglab, jinoyat ishidagi hujjatlar va dalillar sinchkovlik bilan o‘rganib chiqildi. Sud mazkur jinoyat ishi bo‘yicha adolatli hukmini chiqardi.

Sudda aniqlanishicha, Qo‘shtepa tumanida yashovchi 1998 yilda tug‘ilgan Akmal Abdurahmonov 2018 yil 5 fevral kuni ertalab yashash xonadonidan velosipedda Oltiariq tumani markazidagi bozorga borgan. U qaytishda "Poloson" mahallasidagi 6-maktabgacha ta'lim muassasasi yonidan o‘tib ketayotib, ushbu muassasadan kuzatuvchisiz chiqib ketayotgan tarbiyalanuvchilar voyaga yetmagan Sh.G‘offoraliyev, X.G‘offoraliyeva va K.G‘offoraliyevani yoniga chaqirib, ularga velosipedda sayr qildirib, do‘kondan shirinliklar olib berishini aytib, aldab, Sh.G‘offoraliyev va X.G‘offoraliyevani velosipedining orqa o‘rindig‘iga, K.G‘offoraliyevani esa velosipedining old qismiga o‘tirg‘izib, ularni o‘g‘irlab ketgan.

Shundan so‘ng A.Abdurahmonov o‘g‘irlab ketayotgan Sh.G‘offoraliyev va X.G‘offoraliyevani Oltiariq tumani, "Toshxirmon" ko‘chasi bo‘ylab o‘tgan yo‘l chetida qoldirib, K.G‘offoraliyevani esa o‘zi bilan birga velosipedda Toshkent-Marg‘ilon-Andijon yo‘nalishidagi temir yo‘lning Oltiariq-Marg‘ilon qismidan Marg‘ilon shahri yo‘nalishi tomonga olib borib, voyaga yetmagan, ojiz ahvoldagi K.G‘afforaliyevani ushbu temir yo‘lning 244 kilometri, 6-piketida uning hayoti va sog‘lig‘ini xavf ostida qoldirib, shu joyda yolg‘iz o‘zini tashlab ketgan.