Sport | 12:00 / 21.09.2018
10861
2 daqiqa o‘qiladi

Osiyo o‘yinlari sovrindorlarining murabbiylariga ham pul mukofotlari beriladi

O‘zbekiston hukumati Indoneziyada bo‘lib o‘tgan XVIII Osiyo o‘yinlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilarning murabbiylarini ham pul mukofotlari bilan taqdirlaydi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov bugun, 21 sentabr kuni Milliy olimpiya qo‘mitasida tashkil etilgan tantanali tadbir vaqtida ma'lum qilgan.

«Kun.uz» muxbirining xabar berishicha, chempion bo‘lgan sportchining murabbiyiga 2500 AQSh dollari, kumush medal sovrindorining ustoziga 1500 dollar, bronza medal sohibini tarbiyalagan murabbiyga esa 1000 dollar miqdorida mukofot topshiriladi. Bu haqdagi tegishli qaror bugun qabul qilinishi kutilmoqda.

Bundan avvalroq Osiyo o‘yinlarida g‘olib bo‘lgan sportchilar uchun 5 ming dollardan, kumush medal egalari uchun 3 ming dollardan va bronza medal sohiblari uchun 2 ming dollardan pul mukofotlari berilishi ma'lum bo‘lgandi. 

Shuningdek, O‘zbekiston milliy olimpiya qo‘mitasi tomonidan Osiyo o‘yinlarida oltin medal olgan sportchilar uchun 10 ming dollar miqdorida mukofot puli beriladi.

Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston sharafini 30ta sport turida 234 nafar sportchi himoya qildi. Shundan 21 nafar sportchi oltin, 24 sportchi kumush va 25 nafar sportchi bronza medal oldi. O‘zbekiston delegatsiyasi medallar sifati bo‘yicha 45 mamlakat ichida umumjamoa hisobida beshinchi o‘rinni egalladi.

Shu tariqa, O‘zbekiston hukumati turnir sovrindorlari va ularning murabbiylarini mukofotlash uchun 315 ming dollar, Milliy olimpiya qo‘mitasi esa 210 ming dollar miqdorida mablag‘ sarflaydi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid