O‘zbekiston | 17:27 / 27.09.2018
8649
4 daqiqa o‘qiladi

IIV Akademiyasida Markaziy Osiyoda yagona innovatsion ta'lim majmuasi quriladi

Foto: IIV Akademiyasi matbuot xizmati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017 yilning 29 iyun kuni  Ichki ishlar vazirligi Akademiyasiga tashrifi chog‘ida ta'lim muassasasida Xitoy tajriba asosida Simulyatsiya va modulyatsiya markazini barpo etish zarurligini aytib o‘tgan edi. Ta'lim samarador­li­gi­ni oshi­rishga xizmat qiluvchi ushbu inshoot Xitoy Xalq Respublikasining grant mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi nazarda tutilgan. Ana shu maqsadda O‘zbekistonga mazkur davlatning “Intemal Trade Engineering Design and Research lnstitute Co.Ltd P.R.China” departamenti vakillaridan iborat delegatsiya tashrif buyurdi.

Mazkur Innovatsion ta'lim fondi O‘zbekiston va XXR hukumatlari o‘rtasidagi kelishuv asosida barpo etilmoqda. Loyiha asosi­da Situatsion poligon hamda Modulyatsiya va simulyatsiya markazi­ni o‘z ichiga olgan inshoot qurilishi mo‘ljallangan.

Innovatsion ta'lim fondining vazifasi Akademiya tinglovchi va kursantlariga tegishli mutaxassis­lik­lar bo‘yicha chuqur amaliy ta'lim berish va ularda kasbga oid, kelajakda o‘z xizmat vazifalarini muvaffaqiyatli baja­rishga imkon beradigan malaka va ko‘nikmani hosil qilish­dan iborat.

Bu yerda tezkor-xizmat sharoitlarga maksi­mal darajada yaqinlashtirilgan, favqulodda vaziyatni zamona­viy axborot-kommunikatsiya hamda kompyuter texno­lo­giyalari yordamida modulyatsiya qilishni va voqealarning keyingi rivoji­ni simulyatsiya qilish imkonini beradigan o‘quv-mashq majmua­lari, maxsus o‘quv auditoriya va maydonchalarda amaliy mashg‘ulotlarni o‘tkazish singari o‘qitish usullaridan foydalaniladi.

Loyihaga ko‘ra, Akademiya Situatsion poligoni ko‘p funksiyali o‘q otish majmuasi, «Chidam» axloqiy-psixologik, imitatsion to‘siqli yo‘lak, «Qorasuv» taktik-situatsion binosi, yo‘l-transport xavfsizligini ta'minlash sohasidagi xodimlarni tayyorlash bo‘yicha majmua, ekstremal sharoitlarda avtomobil haydashni o‘rganish uchun avtomatlashtirilgan avtodrom, modellashtirish va simulyatsiya o‘quv majmuasi, monitoring markazi (Situatsion markaz) va inshootlardan iborat bo‘ladi.

XXR delegatsiyasi rahbari Chen Fanning so‘zlariga ko‘ra, loyihani amalga oshirishda O‘zbekistonning tabiiy iqlim sharoiti, huquq-tartibot organlari uchun kadrlar tayyorlash salohiyati, ta'lim dargohining moddiy-texnik bazasi, resurslari va boshqa ehtiyojlari chuqur o‘rganib chiqiladi.

Mutaxassislarning fikricha, Situatsion poligon hamda Modulyatsiya va simulyatsiya markazi kursantlarning integral, maxsus-taktik tayyorgarligi jarayonida jinoyatchilikka qarshi kurash, jamoat xavfsizligini ta'minlash va jamoat tarti­bini saqlash sohasida tayyorgarlik ko‘rish samaradorligini oshirishga, ularda turli ekstremal vaziyatlarni samarali monitoring qilish, tegishli obektlarda g‘ayriqonuniy harakat­larning oldini olish va ularni bartaraf etish tadbirlarini amalga oshirish davomida maqbul tezkor-xizmat, boshqaruv qarorlari qabul qilish ko‘nikmalarini shakllantirishga yordam beradi.  

“Intemal Trade Engineering Design and Research lnstitute Co.Ltd P.R.China” departamenti mutaxassislari Akademiya Innovatsion ta'lim fondi loyihasining texnik-iqtisodiy jihatlarini ishlab chiqishganidan so‘ng yangi loyiha asosida qurilish ishlari boshlab yuboriladi. E'tiborli jihati, majmua foydalanishga topshirilgach, Markaziy Osiyodagi yagona markazga aylanadi.

Jamshid XOLOV,
IIV Akademiyasi matbuot xizmati katta inspektori,
leytenant

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid