Italiya chempionatida haftaning o‘rtasida 6-tur o‘yinlari o‘tkazildi. Unda e'tiborga molik bir qancha voqealar yuz berdi.

Tur o‘yinida «Inter» o‘z maydonida «Fiorentina»ni yengdi

«Inter» asta-sekin oyoqqa turib bormoqda. Jamoa mavsumni muvaffaqiyatsiz boshlagan edi. Ammo so‘nggi ikki turda ikki marta g‘alaba qozondi. «Fiorentina»ga qarshi o‘yinda «Inter» biroz ustunlikka erishdi. 45-daqiqada Ikardi penaltini aniq amalga oshirib, hisobni ochdi. Ikkinchi bo‘limda «Fiorentina» jonlanib qoldi va 53-daqiqada Shkrinyarning avtogoli evaziga hisobni tenglashtirdi. Shundan so‘ng, katta kuch bilan oldinga intilgan «ko‘k-qoralar» 77-daqiqada  D'Ambrozio goli evaziga g‘alabani ilib ketishdi. Bu natijadan so‘ng, «Inter» 10 ochko bilan 6-o‘ringa chiqib oldi.

Inter – Fiorentina 2:1 (1:0, 1:1)
25 sentabr, «Juzeppe Meatstsa (San-Siro)» stadioni
Gollar: 1:0 – 45, penalti Ikardi, 1:1 – 53, avtogol Shkrinyar, 2:1 – 77 D`Ambrozio. 
Inter – Xandanovich, D`Ambrozio, de Vrey, Shkrinyar, Asamoa, Vesino (Keyta Balde, 68), Brozovich, Kandreva (Politano, 58), Nainggolan, Perishich (Galyardini, 88), Ikardi.
Fiorentina – Lafon, Milenkovich, Petstselya, Vitor Ugo, Biragi, Benassi (Vlaxovich, 84), Veretu, Fernandesh (Jyerson, 64), Keza, Simeone (Pyatsa, 55), Miralyas.
Ogohlantirishlar: Keza (19), Fernandesh (45), Asamoa (72), Miralyas (84).

«Yuventus» yo‘qotishsiz bormoqda

«Yuventus» o‘z maydonida «Bolonya»ni qabul qilib, ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritdi. Turinliklarga ikkita tezkor gol uch ochkoni qo‘lga kiritish uchun kifoya qildi. 10-daqiqada Dibala hisobni ochdi va 6ta o‘yindan beri davom etayotgan golsiz seriyasiga barham berdi. Oradan 6 daqiqa o‘tgach Matyuidi o‘z goli bilan uni mustahkamladi. 

Hujumchi Krishtianu Ronaldu o‘yinda 90 daqiqa harakat qilsa-da, raqib darvozasini ishg‘ol etolmadi. O‘yindan so‘ng, bosh murabbiy Massimiliano Allegri uni maqtab qo‘ydi. 

«Ronalduni ikkinchi bo‘limda almashtirib, unga dam bermoqchi edim. Ammo u gol urish ishtiyoqida maydonni tark etishni istamadi. Italiyada futbol murakkab bo‘lsa-da, Krishtianu o‘yinidan mamnunman. U to‘pni nazorat qilishda o‘zgacha texnikaga ega - bu narsa uni chempion qiladi», - deb Allegri so‘zlarini keltirdi Football Italia.