Wi-Fi sifati va tezligi routerga, uning uyda joylashgan o‘rniga hamda xalal beruvchi omillarga bog‘liq. Uyda Wi-Fi orqali internet tarmog‘iga ulanishni istaganlar quyidagi jihatlarga e'tibor berishlari kerak bo‘ladi.

Foto: TJournal

1. Router tanlash

Ulanish tezligi va sifatiga ta'sir ko‘rsatadigan birinchi narsa – bu routerning texnik xususiyatlari.  

Diapazonlar

Har bir to‘lqin o‘z chastotasiga ega bo‘lib, Wi-Fi ham ma'lum bir chastota yoki o‘z diapazoni orqali tarqaladigan radioto‘lqindir.

Zamonaviy routerlar ikkita: 2,4 va 5 GGts diapazonda ishlaydi. 2,4 GGts diapazonidan 2000 yildan beri  foydalaniladi. U ancha keng tarqalgan diapazon hisoblanadi. 5 GGts — yangi diapazon bo‘lib, uning ulanish tezligi kattaroq.
Router tanlashda qo‘shnilar qaysi diapazondan foydalanishayotganini tekshirib ko‘rish kerak. Agar qo‘shnilar 2,4 GGts diapazondan foydalanayotgan bo‘lsa, 5 GGts diapazonga o‘tish Wi-Fi ishlash tezligini sezilarli darajada oshiradi.

Standartlar (IEEE 802.11 a/b/g/n/ac/ad)

Ulanish tezligiga diapazondan tashqari, router foydalanadigan protokol ham ta'sir ko‘rsatadi. Bu ishlash standartlari bo‘lib, u tezlik, qamrov hududi, chastota xususiyatlarini o‘z ichiga oladi.

a/b/g standartlari eskirgan hisoblanadi. Ularning maksimal o‘tkazish tezligi atigi  54 MBit/s. n standarti keng tarqalgan, ammo uning ishlash tezligi cheklangan. Zamonaviy ac va ad standartlari eng katta tezlikni beradi. 

Protsessor va operativ xotira

Protsessor chastotasi routerning ma'lumotlarni qanchalik tez qayta ishlashi va uzatishini anglatadi. Chastota qanchalik baland bo‘lsa, ulanish tezligi shunchalik katta bo‘ladi.

Router orqali har kuni gigabaytlab axborot o‘tadi va uning xotirasi qanchalik katta bo‘lsa, u shunchalik yaxshi bo‘ladi.