Korrupsiya muammosi va unga qarshi kurash to‘g‘risida hammamiz eshitganmiz va eshitib kelmoqdamiz. Korrupsiya shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud o‘zga shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etishidir.

Bu illatning keng quloch yoyishi o‘ta salbiy oqibatlarga olib keladi. Korrupsiya xususan, demokratik jarayonlarning amalga oshishiga to‘sqinlik qiladi, iqtisodiy rivojlanishning sekinlashishi, kadrlar sifatining pasayishi va oqibatda barcha sohalarning oqsashiga, uyushgan jinoyatchilikning ildiz otishiga, hukumatga bo‘lgan ishonch yo‘qolishi va ijtimoiy-siyosiy beqarorlikka sabab bo‘ladi.

Poraxo‘rlikka qarshi har bir davlat o‘z holicha kurashib keladi va qaysidir davlatda korrupsiyaga deyarli barham berilgan bo‘lsa, yana qayerdadir bu illat «gullab-yashnash»da davom etadi. Keling, korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi jahon tajribasiga nazar tashlaylik.

Singapur tajribasi

Korrupsiyaga qarshi muvaffaqiyatli kurashish namunasi sifatida Singapurdagi islohotlarni ko‘rsatish mumkin. Bu davlat qisqa vaqt ichida Osiyoning qoloq mamlakatidan dunyoning eng rivojlangan davlatlaridan biriga aylandi. Buning zamirida esa korrupsiyaga qarshi kurash yotadi.

Hukumat bu borada maxsus dastur ishlab chiqqan bo‘lib, unga ko‘ra barcha darajadagi amaldorlarning faoliyati to‘liq shaffof bo‘lishi ta'minlandi. Korruptsion aloqalar ildiz otmasligi uchun majburiy rotatsiya tartibi joriy etildi. Barcha darajadagi amaldorlarning fuqarolar bilan munosabatlarida tizimli nazorat o‘rnatildi va turli byurokratik to‘siqlar olib tashlanishi uchun bu munosabatlar mexanizmi takomillashtirildi.

Bundan tashqari, barcha mansabdorlarning maoshlari sezilarli darajada oshirildi, sud tizimi mustaqilligi ta'minlandi, pora olganlik va berganlik uchun jazo keskinlashtirildi. Shu bilan bir vaqtda korrupsiyaning har qanday ko‘rinishi haqida jamoatchilikni xabardor qilib turuvchi mustaqil OAV shakllantirildi.