O‘zbekistonda elektr energiyasi, tabiiy gaz va avtomobil yoqilg‘isi tariflarining oshirilishi rejalashtirilmoqda. Energiya resurslarini yetkazib beruvchilar mavjud tariflar ustidan xarajatlarning oshib ketishi zaruriyati bilan tushuntirishmoqda. Aftidan, chindan ham tariflar pasaytirib qo‘yilgandek. Lekin ular qanday bo‘lishi kerakligini hech kim bilmaydi. Repost.uz taniqli iqtisod bo‘yicha ekspert Yuliy Yusupovning bu boradagi fikrlarini keltirdi.

Gap shundaki, uchala sektor ham monopollashtirilgan, u yerda erkin raqobat yo‘q, narxlarni davlat belgilaydi. Bunday vaziyatda yetkazib beruvchi korxonalar doimo o‘z xarajatlarini oshirishga harakat qilishadi. Birinchidan, narxlarning oshirilishini asoslash uchun. Ikkinchidan, kompaniyalar o‘z sarflari orqali korruptsion daromadlarni chiqarib olishadi, masalan, baland narxlarda resurslar xarid qilishadi va bunday xaridlar uchun «otkat» olishadi. Nihoyat, yuqori xarajatlar — samarasiz menejmentning pirovard natijasidir, buning paydo bo‘lishiga sabab: a) raqobat, b) xususiy mulkdorning yo‘qligidir.

Mazkur sektorlar iqtisodiyotimizning davlat tomonidan nazorat qilinadigan ko‘plab boshqa sohalari singari radikal islohotlarga muhtoj va u quyidagilarni qamrab olishi kerak:

1. Davlat tomonidan tartibga solish usullarining radikal o‘zgartirilishi, bu holatda siyosat ishlab chiqish funksiyasi (bu bilan vazirliklar shug‘ullanishi kerak), standartlar o‘rnatilishi (davlat agentliklari funksiyasi), nazorat va tekshiruv (davlat inspeksiyalari funksiyasi), soha korxonalarining manfaatlarini himoya qilish (ko‘ngilli assotsiatsiyalar), xo‘jalik faoliyatini amalga oshirish (tijorat korxonalari) ham isloh qilinishi kerak.

Ayni paytda davlat tomonidan nazorat qilinuvchi sohalarda bu funksiyalarning barchasi bitta tuzilmada — sovet davridagi soha vazirligining merosxo‘ri (yoki ma'lum shaxslarning o‘zi tomonidan nazorat qilinuvchi bir necha tuzilmalar)da jamlangan. Bu manfaatlar to‘qnashuvi va boshqaruvning samarasizligini keltirib chiqaradi.

2. Sohani monopoliyadan xalos etish va raqobat muhitini yaratish. Sohalarning aksariyatida monopolizm sun'iy xarakterga ega va u yerlarda sog‘lom raqobat uchun yetarli sharoitlar hozirlash mumkin.

Avtosanoat va avtomobil yoqilg‘isi bilan savdo qilish kabi sohalarda bozorga yangi o‘yinchilarni qo‘yib yuborish kifoya va raqobat kompaniyalarni o‘zlarining shishirilgan xarajatlarini qisqartirishiga, sifatni yaxshilashga va mahsulot assortimentini ko‘paytirishga majburlay boshlaydi. Masalan, avtomobil ishlab chiqarishda bojxona to‘lovlarini «taqiqlovchi» darajadan «oqilona» darajaga tushirilsa bas.