2018 yilning 28-29 sentabr kunlari KNAUF kompaniyasi Buxoro viloyatida chiqindi uchun mo‘ljallangan konteynerlarni o‘rnatish bo‘yicha ekologik aksiya o‘tkazdi. Antuan de Sent-Ekzyuperining “Kichkina shahzoda” asaridagi mashhur ibora ushbu tadbir shioriga aylandi: “Ertalab turding, yuvinding, o‘zingni tartibga keltirdingmi – sayyorangni ham darrov tartibga sol”.
Konteynerlar dizayni shu yerning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda bajarilgan. Konstruktsiyalar beton poydevorga mustahkam mahkamlangan bo‘lib, bu ularning maksimal turg‘unligini ta'minlaydi. Har bir konteyner chiqindilar ajratilgan holda, ya'ni maishiy chiqindi alohida, plastik va shisha alohida hamda makulatura alohida tashlanadigan uchta yorqin rangdagi bo‘lmadan iborat.

Chiqindilarni shu tarzda saralash Yer sayyorasidagi ekologik vaziyatni yaxshilashning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Jamiyatda farovonlik oshishi bilan iste'mol ko‘lami ham ortadi, bu esa generatsiyalanadigan chiqindilar miqdoriga salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Tashlangan va qayta ishlanmagan chiqindilar tuproq, suv va o‘simliklarni zaharlagan holda katta yer maydonlarini chiqindixonaga aylantiradi. Materiallarning ko‘pchiligi deyarli parchalanmaydi, yoqib yuborilganida esa o‘zidan havoni zaharlaydigan zararli gazlarni ajratadi. Chiqindilar saralanganida ular to‘planib qolmaydi va ekologik vaziyatni yomonlashtirmaydi. Bundan tashqari, qayta ishlanadigan chiqindilar mato, qog‘oz va shisha ishlab chiqarishida qo‘llanadi, bu o‘z navbatida, tabiiy resurslarni tejash imkonini beradi.
Chiqindi konteynerlaridan foydalanish juda oson, shunchaki umumiy qabul qilingan saralash qoidalariga amal qilish kerak, xolos.
Ko‘k rangli bo‘lma makulatura, toza qog‘oz (karton, gazeta, jurnal, daftar, otkritkalar) uchun mo‘ljallangan. Qayta ishlash uchun material quruq bo‘lishi juda muhim, shu bois oziq-ovqat mahsulotlari uchun mo‘ljallangan idishlarni (masalan, sut mahsulotlari va sharbatlarning tetra-pak o‘ramlari) va boshqa ifloslangan qog‘ozlarni bu bo‘lmaga tashlash mumkin emas.
Yashil rangli bo‘lma plastik va shisha idishlarni, stakanlar, polietilen paketlar, kosmetika vositalarining idishlari va shunga o‘xshash materiallardan tayyorlangan boshqa o‘ramlarni utilizatsiya qilish uchun mo‘ljallangan.
Zarg‘aldoq rangli bo‘lma maishiy chiqindilar va qayta ishlanmaydigan boshqa chiqindilar uchun mo‘ljallangan.

















