Bugun, 5 oktabr kuni XXIV Toshkent xalqaro turizm ko‘rgazmasining rasmiy yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deya xabar beradi KUN.UZ muxbiri.

"Ipak yo‘lida turizm 2018" nomli Toshkent xalqaro turistik yarmarkasining yopilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov so‘zga chiqib, ko‘rgazmada faol ishtirok etgan soha mutaxassislari hamda ushbu yo‘nalishda samarali hamkorlik qilgan ishtirokchi va mehmonlarga samimiy minnatdorchilik bildirdi. U O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish yo‘lida ko‘plab ishlar amalga oshirilayotgani, qator xorijiy davlatlar uchun vizasiz rejim yo‘lga qo‘yilgani va tez orada yana bir mamlakatga vizasiz rejim e'lon qilinishini ma'lum qildi.

"Uch kun davomida O‘zbekiston hududlarining yorqin va rang-barang turistik salohiyati, Sharq bozorining ajoyib yarmarkasi, milliy oshxona, hunarmandlar shaharchasi, rassomlar alleyasi, shuningdek ta'lim va tibbiyot turizmi kabi yangi yo‘nalishlarga guvoh bo‘ldingiz. Toshkent xalqaro turistik yarmarkasi turizm yo‘nalishidagi hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, tajriba almashish uchun asosiy maydon bo‘lish bilan birga, yildan-yilga Ipak yo‘li madaniy-tarixiy hamda tabiiy merosi targ‘ibotiga, sayyohlar oqimining oshishiga katta ta'sir ko‘rsatib kelmoqda. O‘zbekiston uchun bu shuningdek xalqaro va davlatlararo me'yorlar va normalarni sayyohlik amaliyotiga tatbiq etish hamda ushbu sohadagi sa'y-harakatlarni birlashtirish uchun turtki hamdir", - deya ta'kidladi Aziz Abduhakimov.

U turizmni rivojlantirishga yo‘naltirilgan barcha sa'y-harakatlar ham turizm sanoati vakillari, ham xorijiy sayyohlar uchun qulay sharoit yaratishga qaratilganini qayd etdi. Ushbu yarmarka ko‘plar uchun samarali, o‘zaro manfaatli va uzoq muddatli hamkorlikning boshlanishi bo‘lib xizmat qilishiga umid bildirdi.

Shundan so‘ng Aziz Abduhakimov turli nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritgan ishtirokchilarni qutlab, ularga esdalik sovg‘alarini topshirdi.

Bundan avval KUN.UZ'da xabar berilganidek, "Ipak yo‘lida turizm" ko‘rgazmasi ikki - Milliy va Xalqaro pavilonlarda o‘tkazildi.