Sport | 16:59 / 09.10.2018
13420
3 daqiqa o‘qiladi

Paraosiyo o‘yinlari. O‘zbekiston hisobidagi medallar soni 30 tadan oshdi

Jakartada Paraosiyo o‘yinlari davom etmoqda. Musobaqaning uchinchi kuni ham O‘zbekiston vakillari uchun omadli keldi.

Ayollar o‘rtasida 200 m masofaga kompleks usulda suzish musobaqasida Fotima Omilova 02:21,82 natija bilan oltin medalga sazovor bo‘ldi. Bundan tashqari, u jahon rekordini ham yangiladi. Marraga undan keyin ikkinchi bo‘lib Shohsanam Toshpo‘latova yetib keldi va kumush medal sohibasiga aylandi.

Ushbu ikki suzuvchi kecha 100 metrga erkin usulda suzish bahslarida ham xuddi bugungidek oltin va kumush medallarni qo‘lga kiritishgan, Omilova 58,66 soniya natija bilan Paraosiyo o‘yinlari rekordini o‘rnatgan edi.

Suzish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a'zosi Dmitriy Xorlin uchinchi kuni ham medal olishga muvaffaq bo‘ldi. U bu safar kompleks usulda 200 metrga suzish bellashuvlarida qatnashib, hammadan birinchi bo‘lib marraga yetib keldi va 02:26.30 natija bilan Osiyo rekordi yangiladi. Undan keyin Firdavs Musabekov (02:22.07) marraga yetib keldi va kumush medal bilan taqdirlandi. Shu tariqa, bu yo‘nalishda ham shohsupa yuqorisidan ikki o‘zbekistonlik atlet joy oldi.

Bu Xorlinning musobaqadagi 3-medali bo‘ldi. Dmitriy 7 oktabr kuni 400 m masofaga suzishda oltin medal olish bilan birga Osiyo rekordini o‘rnatgan edi. U 8 oktabrda 100 m masofaga erkin usulda suzishda bronza medali sohibi bo‘ldi.

Bugun, shuningdek, 100 metrga yugurish musobaqasida ham g‘olib va sovrindorlar aniqlandi. Unda kecha 200 metrlik masofani 22,79 soniyada bosib o‘tib, oltin medal sohibi bo‘lgan Doniyor Ahmedov ishtirok etib, ikkinchi oltin medalini (11:26 soniya) qo‘lga kiritdi.

Doniyor Ahmedov / Foto: Paraosiyo o‘yinlari rasmiy sayti

Hozirga kelib, O‘zbekiston hisobidagi medallar sonini 31 taga yetdi – 18 ta oltin, 9 ta kumush va 4 ta bronza. Shular orasidan 13 ta medal suzish bahslarida qo‘lga kiritildi.

Mavzuga oid