O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8 oktabr kuni Parij shahridagi YuNeSKO bosh qarorgohida ushbu tashkilot Bosh direktori Odri Azule bilan uchrashdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

BMTning ta'lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti - YuNeSKO 1945 yil 16 noyabrda tuzilgan. Uning asosiy maqsadi ta'lim, fan, madaniyat, kommunikatsiyalar, turizm sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish orqali tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashga ko‘maklashishdir. Norasmiy ravishda «BMTning aql laboratoriyasi» deb ataladi. Javoharlal Neru o‘z vaqtida YuNeSKOga «insoniyat vijdoni» deb ta'rif bergan.   

Bugungi kunda tashkilotga 195ta mamlakat a'zo hisoblanadi. O‘zbekiston YuNeSKOga 1993 yil 26 oktabrda a'zo bo‘lgan. 

Shavkat Mirziyoyev Fransiya Respublikasiga rasmiy tashrif YuNeSKOdagi uchrashuvdan boshlangani chuqur ma'no va muhim ahamiyatga ega ekanini, O‘zbekistonning ushbu tashkilot bilan hamkorligi izchil rivojlanib borayotganini ta'kidlagan.

Odri Azule O‘zbekiston rahbarini tashrifi bilan samimiy qutlab, O‘zbekiston bilan hamkorlik rivojida ushbu uchrashuv g‘oyat muhimligini qayd etgan.

O‘zbekiston YuNeSKO Ijroiya kengashi tarkibiga ikki marta saylangan. Ushbu tashkilot bilan birgalikda xalqaro miqyosda Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Farg‘oniy, Imom Buxoriy, Kamoliddin Behzod, qadimiy shaharlar Buxoro, Xiva, Termiz, Shahrisabz, Qarshi, Samarqand, Marg‘ilon va Toshkent, «Alpomish» dostoni va «Avesto» kitobi, shuningdek, Xorazm Ma'mun akademiyasining yubileylari keng nishonlandi. Buxoro shahri tashkilotning «Tinchlik tarafdori bo‘lgan shaharlar» sovrini bilan taqdirlangan.

Usmon Mashafi va Sharqshunoslik institutining qo‘lyozmalar to‘plami YuNeSKOning «Jahon xotirasi» ro‘yxatiga kiritilgan.

Xivadagi «Ichan qal'a» majmuasi, madaniyatlar chorrahasi -  Samarqand, Buxoro va Shahrisabzning tarixiy markazlari, shuningdek, Chotqol biosferasi YuNeSKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. 

Shoshmaqom, Boysun madaniy makoni, Katta ashula, askiya, osh, Navro‘z, atlas va adras ishlab chiqarish texnologiyalari tashkilotning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgan. 

O‘zbekistonning YuNeSKO bilan hamkorligi o‘zbek musiqiy madaniyatini asrab-avaylash, rivojlantirish va ommalashtirishga ham xizmat qilmoqda. Xususan, YuNeSKO ko‘magida Samarqand shahrida har ikki yilda bir marta «Sharq taronalari» xalqaro festivali o‘tkazib kelinmoqda. Joriy yil sentabr oyida Shahrisabzda ilk bor Xalqaro maqom san'ati forumi o‘tkazildi.