Sport | 12:00 / 09.10.2018
10261
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik ikki yengil atletikachi Paraosiyo o‘yinlari rekordini o‘rnatdi

Foto: CGTN‏

Jakartada Paraosiyo o‘yinlarining uchinchi kun bahslari bo‘lib o‘tmoqda. 9 oktabrda O‘zbekiston vakillari yengil atletika, suzish, dzyudo va o‘q otish musobaqalarida ishtirok etadi.

Yengil atletika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a'zolari kechagi bahslarda jami 6 ta medal (5 ta oltin va 1 ta bronza) qo‘lga kiritgan edi. Bugungi bahslarda ham ushbu sport turida muvaffaqiyatli ishtirok davom ettirilmoqda.

Xususan, Elbek Sultonov yadro uloqtirish bahslarida 15,67 m natija ko‘rsatdi va oltin medalni qo‘lga kiritdi. Elbek ushbu yo‘nalishda Rio-2016 chempioni, eronlik atlet Saman Pakbazni ortda qoldirish bilan birga Paraosiyo o‘yinlari rekordini ham yangiladi.

Elbek Sultonov / Foto: Paraosiyo o‘yinlari rasmiy sayti

Eslatib o‘tamiz, yadro uloqtirish bo‘yicha kechagi bahslarda o‘zbekistonlik Husniddin Norbekov 16,35 m natija ko‘rsatib, jahon rekordini o‘rnatgan edi.

Bugun, shuningdek, 100 metrga yugurish bahslarida ham o‘zbekistonlik sportchi rekord o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldi. Mansur Abdurashidov saralashda 11,21 soniya natija ko‘rsatib, marraga birinchi bo‘lib yetib keldi va Paraosiyo o‘yinlari tarixidagi eng yaxshi ko‘rsatkichni qayd etdi. Bundan avvalgi rekord – 11,27 soniya natija 2014 yili Incheonda qayd etilgan edi. Mansur ertaga bo‘lib o‘tadigan final bahsida medal uchun startga chiqadi.

Abdurashidovdan tashqari, 100 metrga yugurishda bugun Doniyor Ahmedov ham startga chiqdi. U finalga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi va bugun Toshkent vaqti bilan soat 15:45 da g‘oliblik uchun bahsga chiqadi.

Qayd etish joiz, musobaqalarning birinchi va ikkinchi kunlarida suzish bo‘yicha bahslarda ham bir qator o‘zbekistonlik sportchilar rekord muallifiga aylanishgan edi. 400 m masofaga erkin usulda suzish bahslarida Dmitriy Xorlin Osiyo rekordini qayd etgan bo‘lsa, xuddi shu usulda 100 metrga suzish musobaqalarida Islom Aslanov va Fotima Omilova Paraosiyo o‘yinlari rekordini yangilagan edi.

Shu tariqa, hozircha yengil atletika va suzish O‘zbekiston delegatsiyasiga eng ko‘p medal keltirayotgan sport turlari bo‘lib turibdi. Ushbu har ikki yo‘nalishda uch nafardan o‘zbekistonlik atlet rekord muallifi bo‘lishga erishdi.

Bugun Elbek Sultonovning muvaffaqiyatidan so‘ng O‘zbekiston hisobidagi oltin medallar soni 14 taga yetdi.

Mavzuga oid