09:30 / 10.10.2018
7337

Deputatlar «Fan to‘g‘risida»gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qilishdi

2018 yil 9 oktabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir qator dolzarb qonun loyihalari ko‘rib chiqilgan navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Oliy Majlis quyi palatasi majlisi kun tartibidan o‘rin olgan dastlabki masala – “Fan to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi deputatlarning qizg‘in bahs-munozaralariga sabab bo‘ldi.

Ta'kidlanganidek, birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgan mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi prezidentining “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi 2018 yil 22 yanvardagi farmonining 3-bandi ijrosini ta'minlash maqsadida ishlab chiqilgan.

Bugungi kunda mamlakat ilm-fani va ilmiy salohiyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, iqtisodiyotni rivojlantirishda fan va texnikaning hissasini oshirish, amalga oshiriladigan ilmiy tadqiqotlarning sifati hamda samaradorligini yuksaltirish, ilm-fan, ta'lim, ishlab chiqarish o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash masalasi har qachongidan ham dolzarblik kasb etmoqda. “Fan to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilishining zarurati ham ayni ana shundandir.   

Qonun loyihasi bilan ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyat sohasida davlat boshqaruvini amalga oshiruvchi organlarning vakolatlari, ilmiy xodimlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish chora-tadbirlari hamda davlat ilmiy-texnikaviy ekspertizasi, ilmiy va ilmiy-texnik natijalarning ilmiy va ilmiy-texnik darajasini, iqtisodiy samaradorligi va amaliy ahamiyatini kompleks tarzda baholash va monitoring qilish  belgilanmoqda. Shuningdek, yana bir muhim jihat – ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyatni moliyalashtirishning asosiy prinsiplari, manbalari va shakllari ko‘rsatib o‘tilmoqda.

Deputatlarning fikricha, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyat sohasidagi huquqiy, moliyaviy, ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarning tartibga solinishini ta'minlaydi.

Shu bilan birga, ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyat sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi normalarning yaxlit bir holatga keltirilishi ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyat sohasida huquqiy muhitni yuzaga keltiradi hamda ilmiy va ilmiy-texnikaviy faoliyat barcha ishtirokchilarining samarali aloqalarini ta'minlash imkonini beradi.

Qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Top