Mamlakatning ertangi kunini hal qiladigan kuch bu – yoshlardir! Yoshlarga oid davlat siyosati esa jamiyatda yoshlarning barcha huquq va erkinliklari himoya qilinishida, yigit-qizlar manfaatini kafolatlashda bosh mezon hisoblanadi.
Dunyo aholisining qariyb 20 foizini yoshlar tashkil qiladi. O‘zbekistonda esa, bu ko‘rsatkich 60 foizdan oshishi yoshlarni xalqimiz, davlatimizning bebaho boyligiga aylantirgan.
Xo‘sh, joylarda 17 million nafardan ortiq yoshlarning manfaati, ularning huquq va erkinlikligi, xohish va istaklari, bir so‘z bilan aytganda jamiyatning barcha bo‘g‘inlarida yoshlarga oid davlat siyosatining izchil amalga oshirilishida turli vazirliklar, idora va tashkilotlar tomonidan qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Tashkilotlar o‘rtasidagi ijtimoiy sheriklik masalalari qanday yo‘lga qo‘yilgan?
Shu kabi masalalarni birgalikda muhokama qilish va yechimini topish maqsadida joriy yilning 9 oktabr kuni O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi hamkorligida «O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda ijtimoiy sheriklik masalalari» mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Davra suhbatida, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi mamlakatimizdagi siyosiy partiyalarning «Yoshlar qanotlari» bilan hamkorlikda joylarda yoshlar manfaatini himoya qilish, ularning qonuniy huquqlari ta'minlanishida mutasaddi idoralarning o‘zaro hamkorligi natijadorligini tanqidiy muhokama qilish, shuningdek, respublikada amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy islohotlarga va tadbirkorlikka yoshlarni keng jalb etish, ular o‘rtasida huquqbuzarliklar va jinoyatchilikning oldini olishda birgalikda kurashish kabi dolzarb vazifalar muhokama qilindi. Bundan tashqari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi, O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi, O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi vakillari yoshlar masalalariga doir olib borilayotgan amaliy ishlar yuzasidan taqdimot namoyish etishdi.

«Yoshlarimizning siyosiy faolliklarini oshirish uchun Qonun muhokamalari jarayonlariga ularni ham keng jalb etishimiz, yoshlarga oid qabul qilinayotgan me'yoriy hujjatlar sharhi bilan muntazam ravishda tanishtirib borishimiz kerak. Shuningdek, yoshlar bandligi masalasini hal etish orqali ham siyosiy faolikka erishiladi. Yoshlarning ish o‘rinlari sonini oshirishga qaratilgan takliflar va loyihalarni Yoshlar ittifoqi har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi. Barcha imkoniyatlarni yaratib beradi. Faqatgina yoshlardan tashabbus va harakat bo‘lsa bas», deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Qahramon Quronboyev.




















