Google kompaniyasi yangi Pixel 3 smartfoni, Home Hub ekranli "aqlli" kolonka va Pixel Slate planshetini taqdim etdi. Made by Google tadbiri translyatsiyasi YouTube orqali namoyish etildi.

Pixel va Pixel 3 XL smartfonlari

Pixel 3 smartfoni — 5,5 dyuymli, Pixel 3 XL esa 6,3 dyuymli displey bilan jihozlangan. Qurilmalarning qolgan xususiyatlari bir-biriga o‘xshash: Snapdragon 845 protsessori, 4 Gb operativ xotira, 64 yoki 128 Gb doimiy xotira, 12 Mp asosiy kamera, ikki 8 Mp'li frontal kamera va simsiz zaryadda ishlash imkonini beruvchi shisha ort panel.

Smartfonlar uch xil rangda namoyish qilindi: qora, oq va pushti. Google bayonotiga ko‘ra, yangi dinamiklar ikki baravar balandroq jaranglaydi.

Kameraning o‘zi s'yomka uchun "to‘g‘ri" vaqtni tanlay oladi. Yangi Top Shot funksiyasi s'yomka davomida bir necha kadr olib, mashina ta'limi yordamida ularning orasidan eng yaxshisini tanlaydi. Shuningdek foydalanuvchi ham saqlangan kadrlardan birini tanlashi mumkin.

Google shuningdek Night Sight texnologiyasi ishini ko‘rsatdi, u mashina ta'limi yordamida yaxshi yoritilmagan xonada olingan suratlar sifatini yaxshilaydi. Super Res Zoom funksiyasi esa yaqin masofadan olingan suratlarni yaxshilaydi.

Yangi AR-stikerlar endi foydalanuvchining xatti-harakatlariga reaksiya qilishi mumkin. Ular Playground loyihasining bir qismiga aylandi.

Pixel 3 va lineykaning undan keyin ishlab chiqariladigan smartfonlari foydalanuvchi o‘rniga qo‘ng‘iroqlarga javob bera oladi.

Kameraga Google Lens ilovasi o‘rnatilgan. U yordamida manzillar, telefon raqamlari va narxlar kabi qo‘shimcha ma'lumotlarni olish mumkin.

Pixel 3 uchun Pixel Stand simsiz zaryadi ishlab chiqariladi, u telefon o‘rnatiluvchi vertikal stend ko‘rinishida bo‘ladi. Vertikal holat smartfon zaryadkada turganda ham undan foydalanish hamda uni "aqlli" displeyga aylantirish imkonini beradi.

Pixel 3 va Pixel Slate'da xavfsizlik uchun  maxsus Titan chipi javob beradi.

Pixel 3 narxi 799 dollardan (Pixel XL — 899 dollardan) boshlanadi. Pixel Stand simsiz zaryadi esa 79 dollarga tushadi. Sotuvlar 17 oktabrda boshlanadi.