Italiya va Ukraina terma jamoalari Millatlar ligasining navbatdagi o‘yinlariga tayyorgarlik doirasida o‘zaro o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazdi. Genuyada o‘tgan bahsda kuchlar teng keldi – 1:1.

Uchrashuvning 55-daqiqasida Alessandro Florentsining to‘p uzatishidan so‘ng mezbonlar hujumchisi Federiko Bernardeski hisobni ochgan bo‘lsa, oradan 7 daqiqa o‘tib Ukraina muvozanatni tikladi: himoyachi Nikita Burdadan pas qabul qilib olgan xavbek Ruslan Malinovski javob goli muallifiga aylandi.

Bu natijadan keyin italiyaliklar o‘z maydonidagi g‘alabasiz o‘yinlari seriyasini beshtaga yetkazib qo‘ydi.

Ukraina bilan o‘yinga qadar «skuadra adzurra» Italiyada Millatlar ligasining Polshaga qarshi kechgan o‘yini (7 sentabr) va Niderlandiya bilan o‘rtoqlik bahsida (4 iyun) ham 1:1 hisoblarini qayd etgandi. Italiyaliklar undan oldin JCh-2018 saralashi doirasida Shvetsiya bilan 0:0 hisobida durang o‘ynagan (13 noyabr, 2017 yil) va Makedoniya bilan durangga imzo chekkandi - 1:1 (6 oktabr, 2017 yil).

Jahonning 4 karra chempioni hisoblanuvchi italyanlar oxirgi marta 93 yil oldin, 1923-1925 yillar mobaynida o‘z maydonlarida ketma-ket beshta o‘yinda g‘alaba qozona olmagan edi.

28 may kuni Saudiya Arabistoniga qarshi kechgan o‘yinda Italiya ramziy mezbon sifatida to‘p surgan, lekin o‘yin Shveytsariyaning Sankt-Gallen shahrida bo‘lib o‘tgan edi (2:1).

Eslatib o‘tamiz, Italiya JCh-2018da ishtirok etmadi, bu italiyaliklar keyingi 60 yil ichida ilk marta mundial final bosqichini o‘tkazib yuborishi bo‘ldi.

O‘rtoqlik uchrashuvi
Italiya – Ukraina 1:1 (0:0, 1:1)
Gollar: 1:0 – 55 Bernardeski, 1:1 – 62 Malinovskiy.
Italiya – Donnarumma, Biragi (Krishito, 88), Kellini, Bonuchchi, Florentsi (Pichchini, 84), Bernardeski (Immobile, 57), Verratti (Bonaventura, 70), Keza, Jorjino, Insine (Berardi, 78), Barella (Pellegrini, 78).
Ukraina – Pyatov, Burda, Matviyenko, Rakitskiy (Krivtsov, 88), Karavayev, Konoplyanka (Petryak, 73), Marlos (Tsygankov, 46), Sidorchuk (Stepanenko, 56), Zinchenko, Malinovskiy, Yaremchuk (Kravets, 76; Butko, 90).
Ogohlantirishlar: Rakitskiy (36), Burda (47), Verratti (51), Keza (90).

Millatlar ligasining 4-turida Italiya 14 oktabr kuni Polsha mehmoni bo‘ladi. Ukraina esa 16 oktabrda Chexiyani qabul qiladi.