Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Azizov MDH davlatlari harbiy hamkorligi global tahdidlar fonida muhim ekanini ta'kidladi
MDH Mudofaa vazirlari kengashi global muammo va tahdidlar fonida o‘ziga ehtiyoj borligini tasdiqladi, deya ma'lum qildi O‘zbekiston mudofaa vaziri Abdusalom Azizov.
U tuzilmani harbiy sohada ko‘p tomonlama hamkorlik uchun muhim maydon deb atadi. «Chorak asrdan ziyod vaqt davomida kengash milliy qurolli kuchlarni qurish, uning zamonaviy ko‘rinishga ega bo‘lishga hissa qo‘shdi. Mamlakatlarimiz o‘rtasida ushbu yo‘nalishdagi hamkorlik mustahkamlanmoqda», - dedi vazir kengashning Toshkentdagi yig‘ilishida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, MDH bo‘yicha hamkorlarni umumiy ustuvor jihatlar birlashtiradi: yaxshi qo‘shnichilik, mintaqaviy hamkorlik va barqarorlik.
«Ko‘p yillik faoliyati davomida vazirlar kengashi ko‘p tomonlama hamkorlikni ta'minlash uchun samarali jamoaviy tuzilmaga aylandi, harbiy siyosat va harbiy qurilish masalalarini ko‘rib chiqish maydonchasiga aylandi», - deya ta'kidlab o‘tdi Azizov.
O‘zbekiston ushbu muhim jamoaviy organdagi ishtirokiga katta e'tibor qaratmoqda, deya ma'lum qildi vazir. «Shubhasiz, mudofaa vazirlari kengashi mudofaa sohasidagi hamkorlik uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda», - dedi Azizov. Uning qo‘shimcha qilishicha, kengashning hamkorlik shakli milliy va umumiy manfaatlarni hisobga olgan holda o‘zaro aloqalarni kengaytirish imkonini beradi.
O‘zbekiston Mudofaa vazirligi rahbarining ta'kidlashicha, vazirlar uchrashuvi «tez o‘zgarib borayotgan xalqaro vaziyat, kuchayib borayotgan geosiyosiy ziddiyatlar, radikalizmning davom etishi va diniy aqidaparastlikni faollashishi, yaqin va uzoq xorijdagi mojaroli ahvolning keskinlashishi» sharoitida bo‘lib o‘tmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev MDHga a'zo davlatlar mudofaa vazirlari bilan uchrashgandi.