Yevropa Ittifoqida Yevropa mudofaa salohiyatini kuchaytirish boʻyicha takliflar ishlab chiqishi kerak boʻlgan yuqori darajadagi ekspertlar guruhini tuzish rejasi amalga oshmaydigan boʻldi.

dpa agentligi maʼlumotiga koʻra, YEI tashqi siyosat va xavfsizlik boʻyicha oliy vakili Kaya Kallas 7-sentabrga rejalashtirilgan guruh taqdimotini «soʻnggi lahzada» bekor qilgan.

Bryusseldagi YEI rasmiylaridan biri agentlikka ayrim aʼzo davlatlar hozirgi sharoitda bunday guruhni tashkil etishni maqbul qadam deb hisoblamaganini bildirgan.

YEI mamlakatlari mudofaa vazirlari bilan oʻtkazilgan muzokaralardan soʻng aynan shu tashabbusni davom ettirmaslikka qaror qilingan.

Dpa maʼlumotiga koʻra, ekspertlar guruhini tashkil etishga, xususan, Germaniya va Italiya hukumatlari qarshi chiqqan.

Guruhga Ukraina ham kiritilishi kerak edi

Rejaga koʻra, yangi ekspertlar guruhiga Kaya Kallas rahbarlik qilishi va u Yevropaning harbiy salohiyatidagi mavjud boʻshliqlarni qanday qilib tezroq hamda samarali bartaraf etish boʻyicha takliflar ishlab chiqishi kerak edi.

Guruh oʻz faoliyati yakunlari boʻyicha aniq tavsiyalarni oʻz ichiga olgan hisobot taqdim etishi rejalashtirilgan.

Uning tarkibiga Yevropa Ittifoqining bir qator mamlakatlaridan yuqori martabali siyosatchilar va harbiylar, shuningdek, Buyuk Britaniya va Ukraina vakillarini kiritish koʻzda tutilgan edi.

Guruh aʼzolari 7-sentabr kuni ertalab maxsus tadbirda rasman tanishtirilishi kerak boʻlgan.

Kallas 1-sentabr kuni Irlandiyaning Uiklou shahrida YEI mudofaa vazirlarining norasmiy uchrashuvidan keyin Ukraina Yevropa mudofaa imkoniyatlarini kuchaytirishga qaratilgan yechimlarni ishlab chiqish jarayoniga jalb etilishini maʼlum qilgan edi.

Uning soʻzlariga koʻra, Kiyev yuqori martabali siyosatchilar va harbiylardan iborat yangi guruhga YEI mamlakatlari hamda Buyuk Britaniya bilan birga kirishi kerak edi.

Kallas Ukraina jang maydonida katta tajriba toʻplaganini taʼkidlab, mamlakatni harbiy innovatsiyalar boʻyicha «jahon yetakchisi» deb atagan.

Germaniya NATO doirasidagi rejalashtirishga ustuvorlik bermoqda