Donald Trampning prezidentlik muddati o‘z ekvatoriga yetib keldi – navbatdagi prezident saylovlari 2020 yil noyabrda bo‘lib o‘tadi. Amerika siyosiy an'analariga ko‘ra, 2019 yil bahoridan davlat rahbarligiga nomzodlar respublikachi Trampga raqobatchi bo‘lish yo‘lidagi o‘z dasturlarini e'lon qilishni boshlaydi.

Amaldagi prezident ikkinchi muddatga ham o‘z nomzodini qo‘yishiga shubha yo‘q – 2017 yil qishidayoq Tramp Federal saylov komissiyasiga saylovlarda ishtirok etish uchun ariza yo‘llagan. Hattoki 2020 yilning 24-27 avgustida Sharlott shahrida partiyaning nomzod ko‘rsatish bo‘yicha s'yezdi bo‘lib o‘tishi ham aniq.  

Demokratlar tomonda esa hozircha noaniqlik hukm surmoqda. Partiya s'yezdi 2020 yil 13-16 iyulda bo‘lib o‘tadi, lekin qayerda o‘tkazilishi va eng muhimi, kim nomzod bo‘lishi hozircha noaniq. Xo‘sh, Trampga raqib bo‘ladigan ehtimoliy nomzodlar kimlar? 

Mayk Blumberg

Nyu-Yorkning sobiq meri va mediamagnat Maykl Blumberg 2016 yilgi saylovlarda Xillari Klintonni qo‘llab-quvvatlagandi. 2001 yilgi merlikka saylovlarda u Respublikachilar partiyasiga kirgan, 2007 yilda esa partiya safidan chiqib ketgan. 2018 yil oktabrida esa Bloomberg agentligi asoschisi demokrat sifatida ro‘yxatdan o‘tdi.

Mayk Blumberg

Uning bu harakati va 2017 yilgi oraliq saylovlardagi faolligi OAVga Blumberg bu safargi prezidentlik saylovlarida qatnashmoqchi degan taxminni berdi. Yana shunisi ma'lumki, 2008, 2012 va 2016 yilgi saylovlarda ham uning ishtirok etishi taxmin qilingan, ammo sobiq mer bunga jur'at qilmagandi. 

Tramp qanday fikrda? Blumberg va Tramp bir-birini ko‘p martalab tanqid qilishgan. Amaldagi prezident demokratlar mediamagnatga yuqori lavozimni va'da qilib sotib olishganini aytgan. Prezident shuningdek sobiq mer uni yaxshi bilmasligini, ular «atigi bir marta golf o‘ynashganini» va Tramp uning ustidan g‘alaba qozonganini ta'kidlagan. 

Elizabet Uorren

Hozirgi paytda senator Elizabet Uorren Demokratlar partiyasidagi eng mashhur siyosatchilardan. U o‘tgan saylovda Xillari Klintonni faol qo‘llab-quvvatlagan va 2018 yilgi oraliq saylovlarda faol tashviqot kampaniyasini olib boryapti. Uorren Trampni tez-tez tanqid qiladi va uni «zamonaviy tarixdagi eng ommabop bo‘lmagan prezident» deb ataydi.