AQSH prezidenti Donald Tramp sunʼiy intellektning jadal rivojlanishi borasidagi xavotirlarni boʻrttirilgan deb atadi. Bu haqda u Irlandiyadagi golf klubida jurnalistlar bilan muloqot chogʻida aytib oʻtdi, deb xabar berdi Reuters.
Oq uy rahbaridan SI bilan shugʻullanuvchi kompaniyalar yangi modellarni ishlab chiqishni sekinlashtirishi kerakmi va sohadagi tartibga solishni kuchaytirish zarurmi, deb soʻrashdi.
«Biz SI sohasida Xitoydan oldindamiz. Biz dunyodagi eng ilgʻor mamlakatmiz. Men shunday boʻlib qolishini istayman. Chunki SI poygasida kim gʻolib boʻlsa, hamma narsada gʻolib boʻladi», – deb javob berdi Donald Tramp.
AQSH prezidenti ayrim xavfsizlik choralari yoki cheklovlar joriy etilishi mumkinligini tan oldi, biroq texnologiya tanqidchilarini haddan tashqari salbiy yondashuvda aybladi.
«Bu masalani koʻtarmasligi kerak boʻlsa-da, koʻtarayotgan oʻta salbiy kayfiyatdagi kuchlar bor. Ular aslida sodir boʻlmaydigan narsalar haqida gapirmoqda», – dedi Tramp.
12-sentabr kuni Anthropic (Claude) rahbari Dario Amodei esse eʼlon qilib, unda kompaniyalar va hukumatlarda xavfsizlik choralarini yaratish uchun koʻproq vaqt boʻlishi maqsadida eng ilgʻor SI modellarini ishlab chiqishni sekinlashtirishni taklif qildi. Amodeining aytishicha, SI modellarining oʻsib borayotgan salohiyati va ularning oʻz-oʻzini takomillashtirish qobiliyati uni xavotirga solmoqda va bunga misol qilib yaqinda Hugging Face platformasi buzilgani bilan bogʻliq hodisani keltirdi.
Aynan shu kuni Amodeining taklifini OpenAI rahbari Sem Altman va Ilon Mask qoʻllab-quvvatladi. Shuningdek, OpenAI avvalroq rejalashtirilgan IPO’ni oʻtkazishdan voz kechdi. Reuters agentligiga bergan intervyusida Altman moliyaviy ragʻbatlar xavfsizlik masalalarini ikkinchi planga surib qoʻyishini istamasligini taʼkidladi.















