Bektemir tumani Toshkent shahri iqtisodiyotining qon tomirlaridan biri, deb aytsak xato bo‘lmaydi. Mazkur hududda ko‘plab davlat va xususiy ishlab chiqarish korxonalari mavjud. Shundaylardan biri Bektemir tumani, B.Nozim ko‘chasi, 40-a uyda joylashgan, Universal Plast Montaj Engineering mas'uliyati cheklangan jamiyatining “TUMARIS” savdo belgisi bilan qandolat mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan fabrikasidir.

“Toshkent shahar hokimining 2018 yil 11 iyuldagi 1043-sonli qarori ijrosi doirasida Bektemir tuman hokimligi tomonidan olib borilayotgan ishlar tufayli “Makro”, “Tegen”, “Magnit” va boshqa shu kabi mashhur savdo majmualarida sotilayotgan mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi korxona ustida qora bulutlar to‘plana boshladi”, - deydi MChJ ta'sischisi Kun.Uz tahririyatiga yo‘llagan murojaatida.

Mazkur murojaat tahririyat tomonidan tadbirkor va korxona ta'sischisi Umid Xudayberganovning ishtirokida joyida o‘rganildi.

“2015 yilda MChJ faoliyati doirasini kengaytirib, qandolat mahsulotlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga qaror qildik. Shu munosabat bilan Bektemir tumanidan belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan oldi-sotdi shartnomasi asosida bino xarid qildik. Oldi-sotdi shartnomasini tuman yer resurslari va davlat kadastri xizmatida belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazib, bino-inshootlar va yerga nisbatan mulk huquqini tasdiqlovchi guvohnomalarni oldik. Konditer mahsulotlari ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan barcha ruxsatnomalar ham to‘liq rasmiylashtirildi. Binoda kapital ta'mirlash ishlarini amalga oshirib, Germaniya, Polsha va Turkiya davlatlaridan zamonaviy qandolat mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun uskunalarni o‘zimizning kuchimiz bilan investitsiya kiritgan holda keltirdik”, - deydi Umid Xudayberganov

Toshkent shahar yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi “Toshkent shahar yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi 2018 yil 25 avgust kuni taqdim etgan №11/1037-sonli ma'lumotnomaga ko‘ra, Simet Sir Biznes MChJ va Universal Plast Montaj Engineering  MChJ o‘rtasida 2015 yil 28 yanvarda tuzilgan 5-sonli oldi-sotdi shartnomasiga asosan 2015 yil 25 mart kuni jamiyat nomiga kadastr hujjati rasmiylashtirilgan.