Sport | 07:40 / 15.10.2018
14162
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston o‘smirlar Olimpiadasida medallar sifati bo‘yicha o‘z rekordini yangiladi 

Umidjon Jalolov / Foto: MOQ axborot xizmati

Argentinada III yozgi o‘smirlar Olimpiya o‘yinlari davom etmoqda. Erkin kurash bahslarida yurtimiz sharafini himoya qilgan Umidjon Jalolov shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan o‘rin oldi.

-48 kg vazn toifasida bahslarda ishtirok etgan Umidjon musobaqa davomida JAR va Turkiya vakillaridan ustun keldi. Hal qiluvchi jangda esa gruziyalik Giorgi Gegelashviliga qarshi gilamga chiqdi va 8:2 hisobida g‘alaba qozonib, oltin medalga ega chiqdi.

-80 kg vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qilgan Muhammadrasul Rahimov esa bronza medalini qo‘lga kiritdi. Hamyurtimiz musobaqa davomida Yangi Zelandiya vakilini mag‘lub etdi. Ikkinchi jangida esa rossiyalik polvonga imkoniyatni boy berdi. Bronza medali uchun kechgan jangda esa kanadalik sportchidan ustun keldi va sovrindorlar qatoridan joy oldi.

Bu O‘zbekiston sport delegatsiyasi uchun Argentina Olimpiadasidagi 12-medal bo‘ldi. Ayni paytda hamyurtlarimiz tomonidan 4 ta oltin, 4 ta kumush va 4 ta bronza medallari qo‘lga kiritilgan. 1 ta oltin va 1 ta bronza medallariga mikst bahslarida ega chiqilgan. Bu orqali O‘zbekiston o‘smirlar Olimpiadasida medallar sifati bo‘yicha o‘z rekordini yangiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid