O‘zbekiston | 17:21 / 15.10.2018
10755
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda so‘nggi 9 oyda jinoyatchilik ko‘rsatkichi qay darajada?

Foto: iStock

Odil sudlovni amalga oshirish, fuqarolarning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy adolat va qonun ustuvorligini ta'minlash borasida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar samarali faoliyat yuritmoqda.

2018 yilning to‘qqiz oyida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 36 889 nafar shaxsga nisbatan 28 730 ta ish ko‘rib chiqildi. Mazkur ko‘rsatkichlar 2017 yilning shu davriga nisbatan shaxslar bo‘yicha 37,9 foizga, ishlar bo‘yicha esa 36,5 foizga kamaygan. 

Jumladan, 590 nafar shaxs oqlandi va reabilitatsiya qilindi, sudlangan shaxslar soni 27 193 nafarni tashkil etib, shundan 6 696 nafar shaxsga ozodlikdan mahrum qilish va 18 900 nafariga boshqa turdagi jazolar tayinlandi, 1 597 nafar shaxs shartli hukm qilindi.

Shuningdek, 2 449 nafar shaxs ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlanishi munosabati bilan sud zalidan ozod qilindi, 23 487 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi, 7 216 nafariga tayinlangan jazosi yengili bilan almashtirildi. 5 462 nafar shaxsga nisbatan dastlabki tergov organlari tomonidan asossiz ravishda qo‘yilgan moddalar ayblovdan chiqarib tashlandi yoki qayta malakalandi. 

O‘tgan yilning shu davriga nisbatan ayrim jinoyat turlari, xususan, qasddan odam o‘ldirish, nomusga tegish, bosqinchilik, talonchilik, o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-taroj qilish, o‘g‘rilik, pora olish va berish, pora olish-berishda vositachilik qilish, bezorilik, giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilish, transport vositasini olib qochish, qasddan badanga og‘ir va o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish kabi jinoyatlari uchun sudlanganlik ko‘rsatkichlari kamaydi.

Hisobot davrida yarashuv institutining samarali qo‘llanilishi natijasida 6 914 nafar shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod etildi.

Yetkazilgan 294,2 mlrd. so‘mdan ziyod moddiy zararning o‘rnini qoplagan 2 980 nafar shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlangan.

13 096 ta jinoyat ishi, ya'ni barcha ishlarning qariyb 46 foizi sayyor sud majlislarida ko‘rib chiqildi. 

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay'ati tomonidan nazorat tartibida 1 191 nafar shaxsga nisbatan 917 ta ish ko‘rib chiqildi. 655 nafar shaxsga nisbatan quyi sudlar tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilindi va 433 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirildi.
 

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid