Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Umumta'lim muassasalari faoliyatini tekshirish ishlarini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan umumta'lim muassasalari faoliyatini tekshirish tartibi to‘g‘risidagi nizom, umumta'lim muassasalari faoliyatini tekshirishga vakolatli davlat organlari va tashkilotlar ro‘yxati tasdiqlanishi mumkin.

Umumta'lim muassasalari faoliyatini tekshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, umumta'lim muassasalari faoliyatini tekshirishning vazifalari quyidagilardan iborat:

umumta'lim muassasalaridagi o‘quv-tarbiya jarayonining sifati, o‘qituvchilarning bilim darajasini va pedagogik mahoratini oshirishga ko‘maklashish;

qonun hujjatlari buzilishi holatlarini chuqur tahlil qilish va ularni sodir etish shart-sharoitlarini bartaraf qilish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqish;

amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar ijrosining o‘z vaqtida va sifatli ravishda ta'minlanishini tashkil etish;

umumta'lim muassasalari faoliyatida kam samarali taftishlarni qisqartirish bilan bir vaqtda to‘laqonli tekshirishlar samaradorligini oshirish;

umumta'lim muassasalari faoliyatidagi ochiqlik,shaffoflik va hisobdorlikni ta'minlash, o‘quv-tarbiya jarayoni ustidan samarali davlat va jamoatchilik nazoratini o‘rnatish;

umumta'lim muassasalari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqish hamda ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini ta'minlash;

davlat organlari va tashkilotlarining umumta'lim muassasalari faoliyati bilan bog‘liq vazifalari, funksiyalari va vakolatlarini aniq belgilash va tartibga solish.

Umumta'lim muassasalarining faoliyatini tekshirish quyidagi shakllarda amalga oshiriladi:

rejali tekshirish;
rejadan tashqari tekshirish;
nazorat tartibida tekshirish;
statistik ma'lumotlar va boshqa turdagi ma'lumotlarni tahlil qilish.