O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16 oktabr kuni kimyo sanoatini jadal rivojlantirish, tarmoqqa xorijiy investitsiya va zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma'lumki, kimyo sohasi – zamonaviy sanoatning “katalizatori” bo‘lib, har qanday ishlab chiqarish negizida kimyoviy jarayonlar yotadi, bu sohasiz iqtisodiyotda taraqqiyot bo‘lmaydi.
O‘zbekiston zaminida Mendeleyev jadvalidagi barcha kimyoviy elementlar mavjud, mamlakatimiz uglevodorodlarga boy bo‘lsa-da, kimyo sanoatimiz asosan qishloq xo‘jaligi uchun mineral o‘g‘it ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
Qurilish materiallari, farmatsevtika, tekstil, mashinasozlik kabi tarmoqlar uchun zarur bo‘lgan murakkab polimerlar, katalizatorlar, reagentlar va sintetik tolalar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmagan.
Buning oqibatida har yili 1,5 milliard dollarlik kimyo mahsulotlari import qilinmoqda. Ishlab chiqarilayotgan fosfor va kaliyli mineral o‘g‘itlar ham mavjud talabning faqat uchdan birini qoplaydi, xolos.
Murakkab mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish quvvatlari 60-70 foizga eskirgani energiya resurslarining ortiqcha sarflanishi, kimyo mahsulotlari tannarxining asossiz oshishiga olib kelmoqda.
O‘tgan yildan boshlab, mineral o‘g‘itga talabni qondirish uchun 3,1 milliard dollarlik 17 ta investitsiya loyihasi amalga oshirila boshlandi. Bundan tashqari, kimyo sanoati mahsulotlarini diversifikatsiya qilish maqsadida 2025 yilgacha 4,2 milliard dollarlik yana 17 ta loyiha hayotga tatbiq etiladi.
Shuning uchun, kimyo tarmog‘iga xorijiy investitsiya va zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish, mahsulot hajmi va turini ko‘paytirish, sohaning eksport salohiyatini oshirish “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyatining muhim va ustuvor vazifasi bo‘lishi zarur.
Yig‘ilishda tarmoqdagi kamchiliklarni bartaraf etish va kimyo sanoatini yanada rivojlantirish yuzasidan amalga oshiriladigan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Ta'kidlanganidek, tarmoqni rivojlantirish uchun yangi zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish zarur.
Bugungi kunda mamlakatimizda azotli o‘g‘itlarga talab 73 foiz, fosforli o‘g‘itlarga - 20 foiz ta'minlanmoqda. Azotli o‘g‘it ishlab chiqarish quvvatlarining o‘rtacha eskirish darajasi 64 foizni, fosforli o‘g‘it bo‘yicha - 77 foizni tashkil qiladi.
















