14:32 / 17.10.2018
62821

O‘zbekiston oltin-valyuta zaxiralari yana kamaydi

Foto: Alamy

O‘zbekiston oltin-valyuta zaxiralari kamaydi. Bundan Markaziy bankning respublika oltin-valyuta zaxiralari to‘g‘risidagi ma'lumoti darak bermoqda.

Qayd etilishicha, oltin-valyuta zaxiralarini hisoblash metodikasi Xalqaro valyuta jamg‘armasining standartlari asosida yuritiladi. Oltin-valyuta zaxiralarining tarkibi xorijiy valyuta aktivlari va quyma shaklidagi monetar oltindan iborat.

Yalpi oltin-valyuta zaxiralari 26,4 mlrd dollarni tashkil etdi (sentabrda 26,8 mlrd dollar edi). Ulardan xorijiy valyutadagi aktivlar - 12,4 mlrd dollar (bir oy avval 12,9 mlrd dollar bo‘lgan), monetar oltin - 13,9 mlrd dollar (sentabrda 13,9 mlrd dollar bo‘lgan).

Sof oltin-valyuta zaxiralari 25,4 mlrd dollarni tashkil etdi (bir oy avval 25,9 mlrd dollar bo‘lgan).

Markaziy bank izohiga ko‘ra, joriy yilning yanvar-sentabr oylarida oltin-valyuta zaxiralarining pasayishi oltin narxining 1296,50 dan 1183,50 doll/tr. untsiyaga pasayishi hisobiga yuzaga keldi (narxning oltin-valyuta zaxiralarining kamayishga ta'siri - 1123,2 mln dollar).

Joriy yilning sentabr oyida oltin-valyuta zaxiralarining pasayishi oltin narxining 1206,85 dan 1183,50 doll/tr. untsiyaga pasayishi hisobiga yuzaga keldi (narxning oltin-valyuta zaxiralarining kamayishga ta'siri - 269,8 mln dollar).

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda ham O‘zbekiston oltin-valyuta zaxiralari keskin kamaygandi.

Mavzuga oid
Top