17 oktabr kuni Rossiya tomonidan annektsiya qilingan Qrimning Kerch shahrida dahshatli fojia yuz berdi. Shahardagi politexnika kollejida sodir etilgan portlash va otishma oqibatida ko‘plab kishilar halok bo‘ldi.

Nima bo‘ldi?

17 oktabr kuni Kerchdagi politexnika kollejida 21 kishi halok bo‘ldi, ularning aksariyati talabalar edi. Bundan tashqari, 50dan ortiq kishi jarohatlandi. Voqea guvohlarining so‘zlariga ko‘ra, o‘quv muassasasida avvaliga portlash bo‘lgan, so‘ngra o‘q ovozlari yangragan. 

Voqea nima deb baholandi?

Avvaliga kollejda gaz portlagani va 10 kishi halok bo‘lgani haqida xabar qilindi, keyinroq esa bino gazlashtirilmagani ma'lum bo‘ldi. So‘ngra guvohlar va omon qolgan talabalar noma'lum shaxs kollejda portlash uyushtirgani va otishma sodir etganini bildirishdi. Kollejga hujum amalga oshirilishidan bir necha daqiqa oldin u yerdan ketgan kollej direktori Olga Grebennikova Kerch.com.ru nashriga kollejning ikkinchi qavatida bir necha qurollangan shaxs otishma uyushtirganini bildirdi. Yana ayrim guvohlar ham hujum qilganlar bir necha kishi bo‘lganini aytishdi.

Misr prezidenti bilan uchrashuv o‘tkazayotgan Rossiya prezidenti Vladimir Putinga voqea haqida zudlik bilan xabar qilindi. Muzokaralarning tantanali qismidan voz kechgan Putin Sog‘liqni saqlash vazirligi, FVV va FXXga kerakli topshiriqlarni berdi. Yarimorolga Moskvadan tergovchi va kriminalistlar, tegishli vazirliklar rahbarlari yo‘l olishdi.  

Oradan bir necha soat o‘tgach, Milliy antiterror qo‘mitasi kollejdagi portlash «portlovchi qurilma orqali» amalga oshirilganini ma'lum qildi, tergov qo‘mitasi esa «terrorchilik hujumi» moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Bu vaqtda fojia oqibatida 13 kishi halok bo‘lgani ma'lum edi.

Soat 15ga kelib Qrim rahbari Sergey Aksenov yangi raqamlarni e'lon qildi: 18 kishi halok bo‘lgan, 50ga yaqin kishi jarohatlangan. Kollejdagi qotillikni shu dargohning 4-bosqich talabasi amalga oshirganini ma'lum qildi. U kollej kutubxonasida o‘zini o‘ldirgan. Aksenovning so‘zlariga ko‘ra, u bir o‘zi harakat qilgan.

Shundan so‘ng tergov qo‘mitasi jinoyat ishini «ikki va undan ortiq insonning joniga qasd qilish» deb qayta tasnifladi.