Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Noyob ilmiy obektlarni aniqlash, ularni saqlash va monitoringini olib borish tartibi to‘g‘risidagi nizom loyihasi joylashtirildi.

Nizom vazirliklar, idoralar va muassasalar tasarrufidagi noyob ilmiy asbob-uskunalar, kolleksiyalar, nodir jamg‘armalar va boshqa ilm-fan uchun noyob hisoblanadigan obektlar bo‘yicha takliflarni qabul qilish, tahlil etish, obektlarni ajratib olish, ularni noyob ilmiy obektlar ro‘yxatiga kiritish (ro‘yxatdan chiqarish), moliyalashtirish va monitoringini olib borish tartibini belgilaydi.

Obektlarni noyob ilmiy obektlar ro‘yxatiga kiritish (ro‘yxatdan chiqarish) hamda ularni moliyalashtirish bo‘yicha takliflarni Respublikaning barcha oliy ta'lim va ilmiy muassasalari (ular qaysi vazirlik va idora tasarrufida bo‘lishidan qat'iy nazar) o‘zlari tasarrufida bo‘lgan davlat boshqaruv organlari orqali O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligiga taqdim etadilar.

Innovatsion rivojlanish vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, vazirlik va idoralar hamda muassasalarning noyob ilmiy asbob-uskunalar, kolleksiyalar, nodir jamg‘armalar va boshqa ilm-fan uchun noyob hisoblanadigan obektlar bo‘yicha takliflarini o‘rganib chiqadi, umumlashtiradi, noyob ilmiy obektlar ro‘yxatiga kiritadi (ro‘yxatdan chiqaradi), ro‘yxatni tasdiqlaydi, noyob ilmiy obektlarni saqlash va ulardan samarali foydalanish bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtiradi hamda doimiy monitoringini olib boradi.
 
Noyob ilmiy obekt deb topish mezonlari quyidagilar hisoblanadi:

obekt respublikada yagona (unikal) bo‘lishi;
obekt ilmiy-amaliy ahamiyatga ega bo‘lishi va ilmiy tadqiqotlarda foydalanilayotgan bo‘lishi;
tegishli sohada ushbu obektsiz fundamental tadqiqot olib borish imkonsizligi;
moddiy jihatdan yuqori qiymatga ega bo‘lishi va boshqalar.

Vazirlik va idoralar oliy ta'lim va ilmiy muassasalardan noyob ilmiy obektlar ro‘yxatini shakllantirish uchun takliflarni qabul qiladi, shuningdek tavsiya qilinayotgan har bir ilmiy obektning fan va texnika taraqqiyoti hamda ilmiy-tadqiqot faoliyati rivojlanishi uchun ahamiyatliligi darajasi vazirlik va idoralarning Hay'at majlisida muhokama qilinadi va tasdiqlanadi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi har yili 10 martga qadar internetdagi o‘zining rasmiy veb-saytida noyob ilmiy obektlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligiga takliflar berish to‘g‘risida e'lon beradi.