Rossiyaning Sankt-Peterburg shahri maʼmuriyati patent asosida ishlaydigan migrantlarning mehnati taqiqlanadigan sohalar roʻyxatini yana bir bor kengaytirishga tayyorlanmoqda. Tegishli qaror loyihasi korrupsiyaga qarshi ekspertiza portalida eʼlon qilindi. Hujjatdan maʼlum boʻlishicha, xorijliklar uchun allaqachon yopilgan taksi va kuryerlik xizmatlariga yana bir nechta boshqa sohalar qoʻshiladi.
Taqiqlangan sohalar roʻyxatiga chakana savdoni kiritish taklif qilinmoqda - migrantlar oziq-ovqat doʻkonlari va univermag, meva, goʻsht va baliq rastalari, nonvoyxonalar va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini sotish shoxobchalarida, shuningdek, fitnes markazi, sport klublari, sanatoriy, sanitariya-epidemiologiya xizmati va sud-tibbiy ekspertiza tashkilotlarida, sartaroshxona, goʻzallik va massaj salonida ishlay olmaydi.
Gap aynan patent asosida ishlaydiganlar uchun taqiq haqida bormoqda. Bu hujjat chet el fuqarosining Rossiyaning muayyan hududida ishlash huquqini tasdiqlaydi.
Cheklovlar YEOII mamlakatlari - Belarus, Qozogʻiston, Armaniston va Qirgʻiziston fuqarolariga taalluqli emas. Ushbu mamlakatlar fuqarolariga Rossiyada ishga joylashish uchun patent yoki ishlash ruxsatnomasi talab qilinmaydi. Ular belgilangan kvota boʻyicha ishlash ruxsatnomasini oladi.
















